
Yaponiyalik olimlar dengiz suvida eriydigan plastik yaratdi
05.06.2025 | 17:401924
Yaponiyada bir necha soat ichida dengiz suvida to‘liq parchalanadigan yangi turdagi ekologik plastik yaratildi. Ushbu ixtiro okean ifloslanishi muammosini hal etishda muhim qadam bo‘lishi mumkin.

Yaponiyalik olimlar dengiz suvida eriydigan plastik yaratdi
Yaponiyada bir necha soat ichida dengiz suvida to‘liq parchalanadigan yangi turdagi ekologik plastik yaratildi. Ushbu ixtiro okean ifloslanishi muammosini hal etishda muhim qadam bo‘lishi mumkin.
Yaponiyaning Tokio universiteti va Fizik-kimyoviy tadqiqotlar instituti olimlari dengiz suvida bir necha soatda to‘liq eriydigan plastik moddani yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Reuters agentligi xabariga ko‘ra, ushbu modda an’anaviy plastmassadan farqli o‘laroq, juda tez parchalanadi va hech qanday zararli iz qoldirmaydi.
Vako shahrida joylashgan laboratoriyada o‘tkazilgan sinovda tadqiqotchilar bir soat davomida dengiz suvida aralashtirilgan plastik bo‘lagining butunlay yo‘qolganini namoyish etishdi. Loyiha rahbari Takuzo Aidaning so‘zlariga ko‘ra, yaratilgan modda neft asosidagi plastik kabi mustahkam, biroq u zaharli emas, yonmaydi va havoga uglerod gazi chiqarmaydi.
Bu plastik tarkibiy qismlari keyinchalik tabiiy bakteriyalar tomonidan qayta ishlanishi mumkin. Bunday yondashuv suv muhitiga zarar yetkazuvchi va inson ovqat zanjiriga kiruvchi mikrohissachalarning (mikroplastik) paydo bo‘lishining oldini oladi.
Takuzo Aidaning ta’kidlashicha, bu plastmassaga maxsus qoplama surtilgandan so‘ng u oddiy plastik singari ishlatiladi. Hozirda olimlar aynan shu qoplama texnologiyalarini takomillashtirish ustida ish olib bormoqda.
Olimning fikricha, inson bolalari qaysi sayyorada tug‘ilishini tanlay olmaydi, shuning uchun ular uchun eng yaxshi muhitni qoldirish – bu ilmiy jamoa mas’uliyatidir. Ayni vaqtda quruqlikdagi sharoitda bunday plastik 200 soatdan ko‘proq vaqt davomida parchalanishi mumkin.
BMTning Atrof-muhit dasturi ma’lumotlariga ko‘ra, 2040 yilga kelib plastik chiqindilar oqimi uch barobarga ortib, har yili okeanlarga 23–37 mln tonnagacha plastik tashlanishi mumkin. Bu nafaqat dengiz tizimlariga, balki inson salomatligiga ham jiddiy xavf tug‘diradi.





