add

«Yashil» energiya orqali yarim yilda 5 mlrd kWh elektr ishlab chiqardi

07.07.2025 | 17:005034

O‘zbekistonda 2025 yilning olti oyi davomida quyosh va shamol elektr stansiyalari orqali 5 mlrd kWh elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu ekologik toza energiya manbalari ulushi ortib borayotganini ko‘rsatmoqda.

«Yashil» energiya orqali yarim yilda 5 mlrd kWh elektr ishlab chiqardi
O‘zbekistonda bugungi kunda 10 ta viloyatda 11 ta quyosh fotoelektr stansiyasi va 4 ta shamol elektr stansiyasi faoliyat yuritmoqda. Ularning umumiy quvvati 4 119 megavattni tashkil qiladi. Mamlakatda «yashil» energiya ishlab chiqarish loyihalari bosqichma-bosqich kengayib bormoqda. Navoiy va Samarqand viloyatlarida tarmoqqa ulangan dastlabki quyosh stansiyalari 2022 yilda 434 mln kWh elektr energiyasi ishlab chiqargan edi. 2024 yilga kelib, respublikaning 7 ta viloyatida joylashgan 9 ta quyosh va 1 ta shamol stansiyasi orqali ishlab chiqarilgan energiya miqdori 4 mlrd 860 mln kWh ga yetdi. Joriy yilning 10 iyun holatiga ko‘ra, quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan energiya miqdori 4 mlrd kWh ga yetgani qayd etilgan edi. 6 iyul kuniga kelib, ushbu ko‘rsatkich 5 mlrd kWh ga yetdi. Bu kuniga o‘rtacha 26,7 mln kWh energiya ishlab chiqarilganini anglatadi. Bu miqdorning 3 mlrd 125,4 mln kWhʼi quyosh elektr stansiyalarida, 1 mlrd 915,1 mln kVt/soati esa shamol elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan. Natijada 1 mlrd 515 mln kub metr tabiiy gaz tejalgan va atmosferaga 2 mln 220 ming tonnadan ortiq zararli gaz chiqishi oldi olingan. Shuningdek, joriy yil boshidan 7 iyul soat 08:00 ga qadar O‘zbekistondagi barcha gidro, quyosh va shamol stansiyalarida 8 mlrd 736,9 mln kWh elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Bu respublikada jami elektr generatsiyasining 20,3 foizini tashkil qilmoqda. Ushbu natijalar 2 mlrd 647 mln metr kub tabiiy gaz tejalishiga va 3 mln 879 ming tonnadan ortiq zararli gaz chiqishining oldi olinishiga hissa qo‘shdi. Bu hajmdagi elektr energiyasi 7 mln 280 mingta xonadonning yarim yillik yoki 3 mln 640 mingta xonadonning bir yillik energiya ehtiyojini qoplaydi.

Teglar

Mavzuga oid

«Yashil» energiya orqali yarim yilda 5 mlrd kWh elektr ishlab chiqardi | Vaqt.uz