add

Yashnoboddagi yong‘inda bir kishi halok bo‘ldi

31.01.2026 | 18:312 daqiqa

Avvalroq Toshkentdagi «Aviator Korzinka» binosida yong‘in sodir bo‘lganligi haqida xabar bergan edik.

Yashnoboddagi yong‘inda bir kishi halok bo‘ldi© Фото: Kun.uz

31-yanvar kuni soat 15:47 da Toshkent shahri Yashnobod tumani, Parkent ko‘chasida joylashgan «Aviator Korzinka» savdo majmuasida yong‘in sodir bo‘lgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in 16:50 da qurshab olinib, soat 17:17 da to‘liq bartaraf etilgan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligining ma’lum qilishicha, yong‘indan so‘ng olib borilgan dastlabki o‘rganish ishlarida vayronalar ostida bir nafar fuqaroning jasadi topilgan. Hozircha halok bo‘lgan shaxsning yoshi va jinsi haqida ma’lumot berilmagan.

Shuningdek, yong‘in bo‘yicha «Korzinka» rasmiy bayonot bilan chiqdi. Qayd etilishicha, yong‘in o‘chog‘i binolar majmuasining ikkinchi qavatida, boshqa ijarachilar faoliyat yuritayotgan hududda aniqlangan.

Bayonotda ta’kidlanishicha, «Aviator» savdo markazining birinchi qavatida joylashgan «Korzinka» supermarketi mazkur binoda ijara asosida ish yuritadi va obyekt kompaniya mulki hisoblanmaydi. Shuningdek, yong‘in «Korzinka» do‘koni hududidan tashqarida kelib chiqqan bo‘lib, supermarket faoliyati bilan bog‘liq emas.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, yong‘in aniqlangan zahotiyoq barcha belgilangan xavfsizlik choralari amalga oshirilgan. Mijozlar hamda do‘kon xodimlari qisqa vaqt ichida xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan. Hodisa oqibatida «Korzinka» supermarketi xodimlari yoki mijozlari orasida jabrlanganlar qayd etilmagan.

Voqea joyiga tezkor ravishda yong‘in-qutqaruv xizmatlari yetib kelgan. Yondirish o‘chog‘i nazoratga olingan va hozirda mutaxassislar tomonidan zarur texnik hamda tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Yong‘in kelib chiqish sabablarini aniqlash bo‘yicha tegishli ekspertizalar o‘tkazilmoqda.

«Korzinka» kompaniyasi favqulodda vaziyatlar xizmatlari va mutasaddi idoralar bilan doimiy aloqada ekanini bildirgan.

Teglar

Mavzuga oid