
YeI mamlakatlariga «tahdidlar davri» uchun resurs to‘plash tavsiya qilindi
09.07.2025 | 22:4048612
Yevropa Komissiyasi Yevroittifoq a’zolariga urush va geosiyosiy xatarlar fonida oziq-ovqat, dori, yadroviy yoqilg‘i va muhandislik uskunalari kabi muhim resurslarni oldindan zahira qilib borishni tavsiya qilmoqda. Bryussel buni kiberhujumlar, iqlim inqirozlari va xavfli mojarolar davriga tayyorgarlik sifatida ko‘rmoqda.

Yevropa Komissiyasi 9 iyul kuni e’lon qilgan hujjatda YeI mamlakatlariga strategik zahiralar yaratish taklif etildi. Bu tashabbus geosiyosiy notinchlik, ehtimoliy qurolli mojarolar va kritik infratuzilmaning zaifliklari ortidan ilgari surilmoqda.
Yevrokomissiya faqat oziq-ovqat va dori-darmon emas, balki energiya tarmoqlari hamda telekommunikatsiya infratuzilmalari uchun ehtiyot qismlar, yadroviy yoqilg‘i va kamyob yer metallari kabi resurslarni ham saqlashni tavsiya qilmoqda. Ayniqsa, Bryusseldagi manbalar Yevropadagi dengiz tubidagi aloqa kabellariga nisbatan taxminiy sabotajdan so‘ng infratuzilma himoyasiga e’tibor kuchaytirish zarurligini ta’kidlamoqda.
Hujjatda kiberhujumlar, iqlim o‘zgarishi va harbiy to‘qnashuvlar xavfi sabab zahira jamg‘arish «bu holatlar yuz berganda javob berish emas, balki oldindan tayyorgarlik ko‘rish» strategiyasi sifatida qaralishi kerakligi aytilgan. Tashabbus doirasida sanoatni jalb etish, ishlab chiqarish salohiyatini saqlash va soliq imtiyozlari orqali rag‘batlantirish rejalashtirilmoqda.
Yevrokomissiya bu rejalarni 2026–2032 yillarga mo‘ljallangan YeI byudjeti orqali qisman moliyalashtirishni taklif qilmoqda.





