add

Yevroittifoq Putinni hibsga olmagani uchun Tojikistonni tanqid ostiga oldi

09.10.2025 | 23:2537593

Yevroittifoq Tojikistonni Rim statuti bo‘yicha majburiyatlarini bajarmaslikda aybladi. Dushanbe Vladimir Putinni hibsga olmagan holda sammitda qabul qildi.

Yevroittifoq Putinni hibsga olmagani uchun Tojikistonni tanqid ostiga oldi
Yevropa Ittifoqi Tojikiston hukumatiga Vladimir Putinni hibsga olmagani uchun rasman e’tiroz bildirdi. Bu haqda YeIning tashqi aloqalar xizmati bayonot berdi. Tojikiston 2002 yildan beri Xalqaro jinoiy sud (XJS)ning a’zosi bo‘lib hisoblanadi va Rim statuti talablariga ko‘ra, order bilan qidirilayotgan shaxslarni hibsga olish majburiyatini olgan. Bayonotda ta’kidlanishicha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin ayni damda Tojikistonda bo‘lib turibdi, shu bilan birga, u XJS tomonidan urush jinoyatlari uchun chiqarilgan hibs orderiga tushgan shaxs sifatida xalqaro qidiruvda.
«Tojikiston Rim statuti ishtirokchisi sifatida Xalqaro jinoiy sudning hibs orderini bajarish bo‘yicha majburiyatlarini bajarmadi», — deyilgan YeI bayonotida.
Yevroittifoq xalqaro huquq bo‘yicha barcha jinoyatlar uchun javobgarlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
«Bu doirada YeI Ukrainadagi jinoyatlar bo‘yicha XJS prokurori olib borayotgan tergovni qo‘llab-quvvatlaydi va barcha davlatlarni hamkorlikka chaqirmoqda. Yevropa Ittifoqi Ukraina suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi», — deyiladi hujjatda.
Putin ayni paytda Dushanbe shahrida Rossiya—Markaziy Osiyo sammiti hamda MDH Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishida ishtirok etmoqda. Tojikiston rasman Xalqaro jinoiy sudga a’zo bo‘lgan birinchi Markaziy Osiyo mamlakati hisoblanadi.

Teglar

Mavzuga oid