add

Yevroittifoq rossiyaliklarning Visa va Mastercard kartalariga ulanishini yopdi

26.10.2025 | 12:443562

Yevropa Ittifoqi sanksiyalarning 19-paketi doirasida Rossiya fuqarolari foydalanib kelgan Visa va Mastercard kartalari orqali to‘lov tizimini chekladi.

Yevroittifoq rossiyaliklarning Visa va Mastercard kartalariga ulanishini yopdi

Yevropa Ittifoqi Rossiya fuqarolariga chet el orqali Visa va Mastercard kartalarini olish imkonini bergan sxemani yopishga qaror qildi, deb xabar qilmoqda xalqaro OAVlar.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Yevroittifoq tomonidan tasdiqlangan sanksiyalarning 19-paketi doirasida Belarusdagi Rossiyaning eng yirik xususiy banki — «Alfa-bank» filiali «qora ro‘yxat»ka kiritildi. Unga nisbatan bloklovchi choralar qo‘llanilib, aktivlar to‘liq muzlatildi va har qanday operatsiyalar taqiqlandi.

Shuningdek, Belarusdagi Sberbank va VTB filiallari, shuningdek VTBning Qozog‘iston va Xitoydagi bo‘limlari ham sanksiyaga uchradi. Ushbu cheklovlar 2 dekabrdan kuchga kiradi.

Belarus «Alfa-bank» kartalari Rossiya fuqarolari orasida juda ommalashgan edi — 2022 yilda Visa va Mastercard Rossiyadan chiqib ketganidan keyin rossiyaliklar aynan Minsk orqali ushbu kartalarni olishda davom etgan.

Bank vakilining Reuters agentligiga ma’lum qilishicha, huquqshunoslar vaziyatni o‘rganmoqda, ammo hozircha barcha kartalar odatdagi tartibda ishlamoqda. Agar o‘zgarish bo‘lsa, mijozlarga rasman xabar beriladi.

Yangi sanksiyalar to‘plami doirasida YeI ba’zi Rossiya banklari bilan operatsiyalarni, shuningdek steyblkoin A7A5 bilan bitimlarni taqiqladi. Shu bilan birga, Rossiyaning «Mir» to‘lov tizimi va Milliy to‘lov tizimining Tezkor to‘lovlar xizmati orqali operatsiyalar ham cheklandi.

Yevroittifoq sanksiyalari ro‘yxatiga Tojikiston va Qirg‘izistondagi ayrim banklar, Belarusning BelVEB va Belgazprombanklari ham kiritildi. Shuningdek, Rossiyaning yirik kompaniyalari — «Polyus», «Avtovaz», «Yevraz» va transport xoldingi Fesco ham sanksiyalar doirasiga tushdi.

Teglar

Mavzuga oid