
Yevropa cheklagan neft narxi Rossiya byudjetiga 19 mlrd dollar zarar keltirishi mumkin
22.07.2025 | 08:4024254
Yevropa Ittifoqining yangi sanksiyalari natijasida Rossiyaning neftdan tushadigan soliq tushumlari keskin kamayishi mumkin. Muttaxassislar byudjetda 1,5 trln rublgacha «tuynuk» vujudga kelishini taxmin qilmoqda.

Freedom Finance Global tahlilchilari xulosasiga ko‘ra, YeI tomonidan joriy etilgan yangi yuqori narx mexanizmi Rossiya nefti uchun bozor narxidan 15 foiz arzon chegara belgilaydi. Bu esa Rossiya Moliya vazirligi rejalashtirgan 8,9 trln rubllik neft-gaz daromadining taxminan 18 foizini yo‘qotishga olib keladi.
Tahlilchi Vladimir Chernovning fikricha, bu chora Rossiya iqtisodiyoti va davlat byudjetiga jiddiy bosim o‘tkazadi. Rossiyaning asosiy daromadi hali ham xomashyo eksportidan kelayotgani va neft asosan YeI talablarini hisobga oladigan davlatlarga yuborilayotgani xavfni yanada oshiradi.
2022 yil oxirida Rossiya neftining barreliga 60 dollar qilib belgilangan yuqori narx chegarasi YeI tomonidan qayta ko‘rib chiqilib, 47,6 dollargacha pasaytirildi. Yangi me’yor 3 oydan so‘ng qayta ko‘rib chiqiladi. Ayni paytda Rossiyaning Urals navli nefti 59,8 dolardan sotilmoqda, ammo yangi cheklovlar tufayli ayrim shartlar asosida barreli 45 dollargacha tushishi mumkin.
Byudjetning neft-gaz bo‘yicha daromadlari allaqachon pasayishda: 2025 yil birinchi yarmida ular o‘tgan yilga nisbatan 14 foizga kamaygan. May-iyun oylarida esa tushumlar 30 foizdan ziyodga qisqargan. Yarim yillikda 3,8 trln rubllik byudjet taqchilligi yuzaga kelgan — bu 2024 yilning shu davridagi ko‘rsatkichdan 6 barobar ko‘p.
Energetika va moliya instituti ekspertlari fikricha, bu cheklovlar 2022 yilda joriy qilingan Yevropa embargosidan beri Rossiya neft eksporti uchun eng yirik muammoga aylanishi mumkin. Avvalgi oylarda «xufiyona flot» tankerlarini Gretsiya kompaniyalari almashtirgan edi, lekin yangi cheklovlardan so‘ng ular ham Rossiya neftini tashishdan bosh tortadi.
Bundan tashqari, neft tashish uchun «xufiyona flot» tankerlari yetishmasligi, hamda tanker ijara narxining keskin oshishi ehtimoli ham kuzatilishi mumkin. Bu esa Rossiya eksport salohiyatiga yanada jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.





