
Yevropa davlatlari Trampning «Tinchlik kengashi»ga qo‘shilishdan bosh tortmoqda
Yevropaning yetakchi davlatlari AQSH prezidenti taklif etgan yangi global tuzilma BMTga raqobatchiga aylanishidan xavotirda.

AQSH prezidenti Donald Tramp Davosda o‘tayotgan Jahon iqtisodiy forumi doirasida «Tinchlik kengashi» nomli yangi xalqaro organ nizomini imzolashni rejalashtirmoqda. Biroq Yevropa Ittifoqining yetakchi davlatlari ushbu tashabbusga qo‘shilishdan bosh tortdi. Tramp taklif qilayotgan kengashga doimiy a’zo bo‘lish uchun davlatlardan 1 mlrd dollar to‘lov talab etiladi, qarorlar esa amalda uning qo‘lida jamlanadi.
Avval bu tuzilma G‘azo sektorini tiklashga qaratilgan deb e’lon qilingan edi. Ammo hozirgi nizom loyihasida na G‘azo, na BMT tilga olingan. «The Wall Street Journal» nashri ma’lumotlariga ko‘ra, hujjatda Tramp raisligidagi «moslashuvchan va samarali xalqaro tinchlik organi» haqida gap ketadi.
«Diktatorlardan nariroq»
Manbalarga ko‘ra, nizomni imzolash marosimi payshanba kuni Davosda o‘tkazilishi kerak edi. Ammo Fransiya bu taklifni darhol rad etdi. Prezident Emmanuel Makron atrofidagi manbalar «Bloomberg»ga Tramp tashabbusi Fransiya tashqi siyosatiga ta’sir o‘tkazishi va BMT pozitsiyalarini zaiflashtirishini aytgan.
Shuningdek, Buyuk Britaniya, Germaniya, Niderlandiya, Shvetsiya va Kanada ham imzolash marosimida qatnashmaslik niyatida. Yevropa yetakchilari diktatorlar, jumladan Vladimir Putin va Aleksandr Lukashenko bilan bir tuzilmada «tinchlik masalalarini hal qilish»ni qabul qila olmasliklarini yashirmayapti.
Isroil ham qarshi
Tashabbusga qarshi chiqqanlar orasida Isroil ham bor. Bosh vazir Binyamin Netanyahu G‘azo bo‘yicha alohida qo‘mita tarkibi Isroil siyosatiga zid ekanini ochiq aytdi. Ayni paytda Italiya bosh vaziri Jorjia Meloni o‘zini vositachi sifatida ko‘rsatib, ishtirokka ochiq ekanini bildirgan.
Yevropalik rasmiylar norasmiy suhbatlarda bu tashabbusni Trampning BMTga raqobatchi yoki uning o‘rnini bosuvchi tuzilma yaratish urinishi, deb baholamoqda. Ustavda qaror qabul qilishda oxirgi so‘z AQSH prezidentiga tegishli ekani va 1 mlrd dollarlik a’zolik to‘lovlari qayerga yo‘naltirilishi noaniq qolmoqda. Manbalarga ko‘ra, Xitoy ham taklif olgan, ammo rasmiy javob bermagan.





