
Yevropa fond bozorlari Trampning bojlarni oshirish bayonotidan so‘ng pasaydi
02.06.2025 | 20:456633
2 iyun, dүshanba kuni Yevropa bozorlari bir oz pasayishni boshdan kechirdi. Sababi — AQSH prezidenti Donald Tramp juma kuni import qilinuvchi metalllarga bojlarni ikki baravarga oshirish niyati borligini bildirdi. Bu global savdoga ta’sir qiluvchi yangi xavf sifatida baholanmoqda.

Reuters agentligi xabariga ko‘ra, AQSH prezidenti Donald Tramp 31 may kuni import qilinadigan po‘lat va alyuminiyga boj miqdorini 25 foizdan 50 foizgacha oshirishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Bu esa dunyo fond bozorlarida, jumladan Yevropada, investorlar kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
Natijada, umumevropa STOXX 600 indeksi 2 iyun kuni soat 11:31 da (MSK) 0,1 foizga pasaydi. Qimmatli qog‘ozlar narxining eng ko‘p tushishi Iveco Group (–3,7 foiz), Barry Callebaut (–3,6 foiz) va Clariant (–3,5 foiz) aksiyalarida qayd etildi.
Germaniyaning DAX indeksi 0,3 foizga, Fransiya bozoridagi asosiy indekslar esa 0,4 foizga pasaydi. Bu iqtisodiy muvozanatga bo‘lgan ishonchning kamayishi va global savdo nizolarining avj olishi bilan bog‘liq holatdir.
Shu bilan birga, Buyuk Britaniyaning FTSE 100 indeksi 0,1 foizga o‘sish qayd etdi. Mutaxassislar buni milliy omillar va valyuta bozoridagi barqarorlik bilan izohlashmoqda.
Trampning bojlarni oshirishga oid bayonoti AQSH va Yevropaning savdo munosabatlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ayrim tahlilchilar bunday so‘zlar ortidan yangi savdo ziddiyatlari paydo bo‘lishi mumkinligini ta’kidlashmoqda.





