
Yevropa Ittifoqi 2025 yil uchun iqtisodiy o‘sish prognozini pasaytirdi
20.05.2025 | 15:3038943
Yevropa Ittifoqi Komissiyasi o‘zining 2025–2026 yillarga oid kuzgi iqtisodiy taxminlarida Yevropa iqtisodiyoti o‘sishi sekinlashishi, inflyatsiya pasayishi va savdo siyosatidagi beqarorliklar tahdid solishini ma’lum qildi.

Bryusselda e’lon qilingan «2025 yil kuzgi iqtisodiy taxminlar» hisobotiga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi iqtisodiyoti 2025 yilda 1,1 foizga, 2026 yilda esa 1,5 foizga o‘sishi kutilmoqda. Yevrozona uchun bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 0,9 va 1,4 foizni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkichlar avvalgi hisobotda e’lon qilingan prognozlardan ancha past.
Xususan, avvalgi taxminlarda 2025 yilda YeI 1,5 foiz, Yevrozona esa 1,3 foiz o‘sishi kutilgan edi. Ushbu pasayishga asosiy sabab sifatida AQSHning proteksionist savdo siyosati, jumladan, 2 aprelda joriy etilgan tariflar ko‘rsatilmoqda. Bu o‘zgarishlar global bozorlarga bosim o‘tkazmoqda.
2025 yilda Avstriya iqtisodiyoti 0,3 foizga qisqarishi, Germaniyada iqtisodiy o‘sish kuzatilmasligi, Fransiya va Italiyada mos ravishda 0,6 va 0,7 foizga o‘sish, Ispaniyada esa 2,6 foizlik o‘sish kutilmoqda. 2026 yilda esa Germaniyada 1,1 foiz, Fransiyada 1,3 foiz, Italiyada 0,9 foiz, Ispaniyada 2 foizlik o‘sish prognoz qilinmoqda.
Inflyatsiya bo‘yicha taxminlar ham pasaygan: 2025 yilda YeIda 2,3 foiz, Yevrozonada 2,1 foiz, 2026 yilda esa mos ravishda 1,9 va 1,7 foiz darajasida bo‘lishi kutilmoqda.
Hisobotda Turkiya iqtisodiyoti haqida ham ma’lumot berilgan. Qat’iy pul-kredit va fiskal siyosat tufayli inflyatsiya pasayishi, byudjet defitsiti qisqarishi va iqtisodiy o‘sish mos ravishda 2,8 va 3,5 foizni tashkil etishi aytilgan.
YeI iqtisodiy masalalar bo‘yicha komissari Valdis Dombrovskis brifingda ta’kidlashicha, Yevropa iqtisodiyoti yuksak noaniqlik sharoitida ham barqarorligini saqlab qolmoqda. U, shuningdek, inflyatsiya kutilganidan tezroq pasayotganini, ammo xavflar hali ham saqlanib qolayotganini eslatdi.





