
Yevropa Ittifoqi «Lukoyl»ning xufyona flotini jazolashga tayyorlanmoqda
08.05.2025 | 10:4449493
Yevropa Ittifoqi tarixda ilk bor «Lukoyl»ning Dubaydagi treyder kompaniyasiga nisbatan sanksiya qo‘llashni rejalashtirmoqda. Sabab — Rossiya neftini tashish uchun yaratilgan xufyona flotga aloqadorlik.

Bloomberg agentligi xabariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi yangi sanksiyalar paketi doirasida Litasco Middle East DMCC — «Lukoyl»ning neft savdosi bilan shug‘ullanuvchi Dubaydagi bo‘limiga qarshi choralar ko‘rishni rejalashtirmoqda. Bu kompaniya ilk bor G‘arb sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilishi mumkin.
Ayni paytda, sanksiya ro‘yxatiga 150 ta tanker, 60 nafar jismoniy shaxs va qator kompaniyalar qo‘shilishi kutilmoqda. Bu bilan Rossiyaga xizmat qilayotgan «xufyona flot» tankerlari soni 300 tadan oshib ketadi.
«Litasco» avval Shveysariyada joylashgan bo‘lib, Ukrainada urush boshlanganidan so‘ng Dubayga ko‘chirilgan. U yerda kompaniya yuzlab tankerlarning mulkdorligi va boshqaruvini ofshorlar orqali yuritish sxemasini ishlab chiqqan. Financial Times tahliliga ko‘ra, 700 mln AQSH dollari investitsiyaga 25 ta tanker xarid qilingan, ularning 97 foizi Rossiya neftini, xususan «Lukoyl»ning mahsulotlarini tashishda foydalanilgan.
Tankerlar har biri alohida ofshor kompaniyalar orqali rasmiylashtirilgan, ularni boshqaruvini esa pokistonlik tadbirkorga tegishli Dubay kompaniyalari amalga oshirgan. Mazkur shaxs Britaniya sudlarida investorlarni aldaganlikda ayblanmoqda.
Yevropa Ittifoqi ushbu sxemalarni neft sanksiyalarini chetlab o‘tish usuli deb baholab, moliyaviy hujumga o‘tishi mumkin.





