add

Yevropa Ittifoqi Rossiya neft va gazidan to‘liq voz kechishni muhokama qilmoqda

09.10.2025 | 15:105693

Yevropa Ittifoqi davlatlari 2028 yilgacha Rossiya neft va gazi importini to‘xtatish rejasi bo‘yicha kelishmoqda. Bryusselda bo‘lib o‘tadigan YeI kengashi yig‘ilishida mazkur masala muhokama etiladi.

Yevropa Ittifoqi Rossiya neft va gazidan to‘liq voz kechishni muhokama qilmoqda
Yevropa Ittifoqining doimiy vakillari REPowerEU dasturi doirasida Rossiya energetika manbalaridan voz kechish bo‘yicha hujjatni tayyorladi. Deutsche Welle xalqaro axborot agentligi ma’lumotiga ko‘ra, YeIning deyarli barcha davlatlari Rossiya gazini import qilishni taqiqlash g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamoqda. Doimiy vakillar 2028 yilgacha Rossiyadan neft va gaz yetkazib berishni bosqichma-bosqich to‘xtatish rejasini ma’qullagan. Hujjat 20 oktyabrda bo‘lib o‘tadigan Yevropa Ittifoqi kengashi yig‘ilishida tasdiqlanishi kutilmoqda. Ba’zi mamlakatlar, jumladan Vengriya va Slovakiya, taqiqni zaiflashtirishni taklif qilgan bo‘lsa-da, ko‘pchilik bunday yondashuvga qarshi chiqdi. Qaror YeI a’zolarining kamida 55 foizi tarafidan ma’qullansa, qabul qilingan hisoblanadi. Shu bilan birga, suyultirilgan tabiiy gaz (STG) importi bilan bog‘liq huquqiy masalalar ham muhokama etilayotir. Yevropa Ittifoqi portlariga kelayotgan STG Rossiyaga tegishli emasligiga ishonch hosil qilish uchun oldindan tekshirish tartibini joriy etish taklif qilinmoqda. Bu energetika xavfsizligini ta’minlash va Rossiya bilan iqtisodiy bog‘liqlikni minimal darajaga tushirishni maqsad qilgan strategiyaning muhim qismi hisoblanadi. Eslatib o‘tamiz, Turkiya Rossiyadan keladigan gaz va neftdan to‘liq voz kechishga tayyorlanmoqda. Reutersʼga ko‘ra, AQSH prezidenti Donald Trampning talablari Anqara uchun «rad etib bo‘lmaydigan shart»ga aylangan. Avvalroq Hindiston Rossiya neftidan voz kechish evaziga AQSHdan Eron nefti xaridiga ruxsat so‘ragan edi.

Teglar

Mavzuga oid