add

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 17-paketini maqulladi

14.05.2025 | 14:1534744

Yevroittifoq Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 17-paketini joriy etmoqda. U asosan Kremlning «xufyona floti» va energetik cheklovlarni chetlab o‘tishga yordam berayotgan shaxslar va kompaniyalarga qaratilgan.

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 17-paketini maqulladi
AFP ma’lumotiga ko‘ra, ushbu choralar rasman 20 may kuni tasdiqlanadi. Sanksiyalar asosan Kremlning «xufyona floti»ga va Moskvaga energetikaga oid cheklovlarni chetlab o‘tishda ko‘maklashgan kompaniya va shaxslarga qaratilgan. Jumladan, Yevropa portlarida xizmat ko‘rsatishi taqiqlangan tankerlar soniga yana 98 ta qo‘shildi. Endi «qora ro‘yxat»dagi umumiy tankerlar soni 250 tani tashkil etadi. Yevrokomissiya hujjatlariga ko‘ra, ushbu tankerlar AIS-transponderlarini o‘chirib, sug‘urta yoki moliyaviy kafolatlarsiz xavfli yuk tashish amaliyotlarini amalga oshirgan. Sanksiyalar Rossiya mudofaa sanoati bilan bog‘liq jismoniy va yuridik shaxslarni ham qamrab oladi. Eksport cheklovlari 35 ta kompaniyaga, jumladan Qozog‘iston, O‘zbekiston, Serbiya va Turkiyada joylashgan firmalarga ham qo‘llaniladi. Ma’lum qilinishicha, Vengriya hali ham Rossiya neft importini davom ettirayotgani sababli Dubaydagi Litasco kompaniyasini ro‘yxatdan chiqarishni so‘ragan. Ammo Yevroittifoq ushbu kompaniyani Kremlga tanker sotib olishda yordam bergan deb hisoblamoqda. Shu bilan birga, Yevroittifoq birinchi bor Rossiyani Ukrainada kimyoviy qurol ishlatganlikda aybladi. Bu asosda Rossiyaning radiatsiya, kimyo va biologik himoya qo‘shinlari ham sanksiyalarga uchradi. Shuningdek, Aleksey Navalniy ishi bo‘yicha mas’ul 28 nafar sudya va prokurorga, internetda aksilurush postlar yozgan fuqarolarga hukm chiqarganlari uchun jazo tayinlandi. Yevroittifoq 20 dan ortiq fuqaro va kompaniyani butun dunyo bo‘ylab beqarorlashtiruvi harakatlari uchun sanksiya ro‘yxatiga kiritadi. Ular orasida Estoniya ichki ishlar vaziriga hujum uyushtirganlar, Germaniyada Rossiya tarafdori sifatida aksil demokratik kuchlar bilan hamkorlik qilgan shaxslar va dezinformatsiya tarqatgan blogerlar bor.

Teglar

Mavzuga oid