
Yevropa Ittifoqi vizasiz sayohatni to‘xtatmoqda: qaysi davlatlar xavf ostida?
Inson huquqlarini buzgan davlatlar vizasiz rejimdan mahrum bo‘lishi mumkin. Yevroittifoq qaysi mamlakatlarga nisbatan bu chorani qo‘llashi mumkinligi aytildi.

Yevropa Ittifoqi Kengashi 17-noyabr kuni Shengen hududiga vizasiz sayohat huquqini vaqtincha bekor qilishni yengillashtiradigan yangi qonuniy mexanizmni tasdiqladi. Bu hujjat YIning manfaatlariga zid holatlarda yoki viza yengilliklari suiiste’mol qilingan taqdirda, tezkor chora ko‘rish imkonini yaratadi.
Yangi tartibga ko‘ra, agar uchinchi davlat Yevroittifoq viza siyosatiga zid harakat qilsa, masalan, hech qanday real bog‘liqligi yo‘q shaxslarga fuqarolik bersa, yoki inson huquqlarini jiddiy ravishda buzsa, unga nisbatan viza imtiyozlari to‘xtatilishi mumkin. Shuningdek, Yevroittifoq bilan siyosiy munosabatlar keskinlashgani ham asos bo‘la oladi.
Viza imtiyozlarini to‘xtatishning dastlabki muddati amaldagi 9 oydan 12 oygacha uzaytirildi. Agar vaziyat o‘zgarmasa, bu muddat yana 24 oygacha cho‘zilishi mumkin. Muammolar hal etilmasa, viza imtiyozi umuman bekor qilinadi.
Yevroittifoq hozircha bunday chorani faqat bir marta — Vanuatuga nisbatan qo‘llagan. Ushbu davlat rossiyaliklarga investitsiya orqali fuqarolik berish orqali YIga vizasiz kirish imkoniyatini yaratgani uchun cheklovga uchragan.
Yangi reglament Yevropa Ittifoqining rasmiy gazetasida e’lon qilinganidan 20 kun o‘tib kuchga kiradi va barcha a’zo davlatlar uchun majburiy hisoblanadi.





