Logo

Yevropa markaziy banki 2023-yildan beri birinchi marta asosiy stavkani oshirdi

Bugun 15:032 daqiqa

Yaqin Sharqdagi mojaro va energiya qimmatlashuvi fonida Yevropa markaziy banki qariyb uch yildan so‘ng ilk bor aosiy stavkani oshirdi.

Yevropa markaziy banki 2023-yildan beri birinchi marta asosiy stavkani oshirdi

Yevropa markaziy banki 11-iyun kuni 2023 yil sentabridan beri birinchi marta uchta asosiy foiz stavkasini oshirishga qaror qildi. Qaror 17-iyundan kuchga kiradi va yevrohududda inflatsiya bosimining kuchayishi bilan izohlanmoqda.

Yangi qarorga muvofiq, bazaviy stavka 2,4 foizga, depozit stavkasi 2,25 foizga, marjinal kredit liniyasi stavkasi esa 2,65 foizga yetkaziladi. Har uchala ko‘rsatkich ham 0,25 foiz bandiga oshirildi.

Markaziy bank rahbariyatining ta’kidlashicha, Yaqin Sharqdagi geosiyosiy taranglik energiya bozorlaridagi bosimni kuchaytirib, narxlar o‘sishi xavfini yanada oshirgan.

Inflatsiya bosimi kuchaydi

Regulyator joriy yil uchun inflatsiya prognoziga ham o‘zgartish kiritdi. Ilgarigi 2,6 foizlik baholash o‘rniga endilikda yil yakunida inflatsiya 3 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Bank ma’lumotlariga ko‘ra, energiya narxlarining o‘sishi oziq-ovqat, sanoat mahsulotlari va xizmatlar segmentida ham qo‘shimcha bosim yuzaga keltirishi mumkin.

Ekspertlar hisob-kitoblariga ko‘ra, inflatsiya 2027 yilga kelib 2,3 foizgacha sekinlashadi, 2028 yilda esa Yevropa markaziy bankining 2 foizlik maqsadli darajasiga yaqinlashadi.

O‘sish prognozlari pasaydi

Inflatsiya xavfi ortishi bilan bir vaqtda iqtisodiy o‘sish bo‘yicha prognozlar ham yomonlashtirildi. Mojaroning xomashyo bozorlari va aholi real daromadlariga ta’siri sabab 2026 va 2027 yillar uchun o‘sish sur’atlari mos ravishda 0,8 va 1,2 foizga tushirildi.

Faqat 2028 yilda yevrozona yalpi ichki mahsuloti o‘sishi 1,5 foizgacha tezlashishi kutilmoqda. Yevropa markaziy banki noaniqliklar yuqori darajada saqlanib qolayotganini va prognozlar yana qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligini bildirdi.

Yevrostatning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, may oyida yevrohududda yillik inflatsiya 3,2 foizni tashkil etgan. Bunda energiya narxlarining bir yilda 11 foizga ko‘tarilishi asosiy omil bo‘lgan. Shu bilan birga, AQSHda ham inflatsiya 4,2 foizgacha tezlashgani haqida xabarlar tarqalmoqda.

Teglar

Mavzuga oid