add

Yevropa rahbarlari Rossiya neft sektorini «bo‘g‘ish»ga va’da berdi — Politico

25.10.2025 | 19:374872

Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Rossiya neft va gazini dunyo bozoridan chiqarishni maqsad qilgan yangi Yevropa tashabbusini e’lon qildi.

Yevropa rahbarlari Rossiya neft sektorini «bo‘g‘ish»ga va’da berdi — Politico

Politico nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Yevropa ittifoqchilari bilan birgalikda Rossiyaning neft sektorini cheklash va uni xalqaro bozordan siqib chiqarish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rishga kelishdi. Bu qaror AQSH prezidenti Donald Trampning «Rosneft» va «Lukoyl»ga qarshi joriy etgan sanksiyalaridan keyin qabul qilindi.

Londonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Starmer Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy, NATO bosh kotibi Mark Ryutte, Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen va Niderlandiya bosh vaziri Dik Sxoof bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuvga Yaponiya ham birinchi marta virtual ravishda qo‘shildi. Asosiy mavzulardan biri Putinni muzokara stoliga o‘tqazish uchun iqtisodiy bosimni kuchaytirish bo‘ldi.

NATO bosh kotibi Mark Ryutte ta’kidlaganidek, AQSHning yirik rus neft kompaniyalariga qarshi sanksiyalari Kremlni moliyaviy manbalaridan mahrum qilib, bosimni keskin kuchaytiradi. «Putin uchun bu iqtisodiy fojiaga aylanishi mumkin», — degan u.

Uchrashuvda Zelenskiy ikki asosiy maqsadni belgiladi: Tramp sanksiyalaridan maksimal foyda olish va uzoq masofali raketa qurollar masalasini muzokaralar kun tartibida saqlab qolish. Manbalardan birining ta’kidlashicha, hozircha Putinga yaqin deb hisoblanadigan «Surgutneftegaz» kompaniyasi sanksiya ro‘yxatiga kirmagan, ammo uni qamrab olish Kremlga bo‘lgan bosimni yanada oshiradi.

Britaniya rasmiylaridan biri buni «Tramp siyosatidagi jiddiy burilish», deb atadi. Ularga ko‘ra, AQSHning sanksiyalari va Yevropaning umumiy pozitsiyasi Rossiyani neft eksportidan keskin cheklab, urushni to‘xtatish yo‘lida katta bosim vositasiga aylanadi.

Politico nashrining ta’kidlashicha, Tramp avval Yevropa Rossiya neft va gazidan voz kechmaguncha yangi sanksiyalar joriy etmasligini aytgan edi, ammo endi «vaqt kelganini his qildi».

NATO bosh kotibi Mark Ryutte esa Tramp va Zelenskiyning oxirgi muzokaralarini «samarali va kutilgan darajada muvaffaqiyatli», deb baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH va Yevropa o‘rtasidagi yangi muvofiqlashuv Rossiyani tinchlik muzokaralariga majbur etishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid