
Yevropa Rossiya, Xitoy va KXDR rahbarlarining uchrashuvida «to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid»ni ko‘rdi
03.09.2025 | 20:0038652
Kaya Kallas Pekinda o‘tgan xalqaro sammitda Rossiya, Xitoy, Eron va KXDR yetakchilarining birga ko‘rinishini G‘arb uchun jiddiy xavf sifatida baholadi.

Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat xizmati rahbari Kaya Kallas Rossiya, Xitoy, Eron va KXDR yetakchilarining uchrashuvlari qoidalarga asoslangan xalqaro tartibotga «bevosita tahdid» ekanligini ta’kidladi. U bu haqda Bryusseldagi matbuot anjumanida ma’lum qildi.
«XXR raisi Pekinda Rossiya, Eron va KXDR rahbarlari bilan yonma-yon turibdi — bu shunchaki G‘arbga qarshi pozitsiya emas. Bu qoidalarga asoslangan xalqaro tartibotga to‘g‘ridan-to‘g‘ri da’vodir», - deya ta’kidladi Kallas.
Uning aytishicha, Yevropa «bu yangi voqelikka qarshi turishi shart».
Eslatib o‘tamiz, 3 sentyabr kuni Pekinda Ikkinchi jahon urushi tugaganining 80 yilligi hamda Xitoy xalqining Yaponiyaga qarshi urushda erishgan g‘alabasiga bag‘ishlangan tantanali marosimlar o‘tkazildi.





