add

Yevropa sharqi qayta qurollanmoqda: Litva va Finlandiya piyodalarga qarshi mina ishlab chiqaradi

09.07.2025 | 22:2029284

Rossiya tahdidlari fonida Litva va Finlandiya Ottava konvensiyasidan chiqib, 2026 yildan piyodaga qarshi minalar ishlab chiqarishni boshlashini e’lon qildi. Mamlakatlar bu qurollarni o‘z xavfsizligi uchun hamda Ukrainaga yetkazib berish maqsadida tayyorlamoqda.

Yevropa sharqi qayta qurollanmoqda: Litva va Finlandiya piyodalarga qarshi mina ishlab chiqaradi
Litva va Finlandiya rasman Ottava konvensiyasidan chiqish jarayonini boshladi va 2026 yildan boshlab piyodaga qarshi minalar ishlab chiqarishga kirishishini ma’lum qildi. Reuters agentligi Helsinki va Vilnyus rasmiylariga tayanib, bu qaror Rossiyaning tobora kuchayotayotgan tahdidlari fonida qabul qilinganini xabar berdi. Litva mudofaa vazirining o‘rinbosari Karolis Aleksa ma’lum qilishicha, mamlakat minalarga yuzlab million yevro sarflaydi va kamida o‘n minglab mina buyurtma qilinadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mahalliy sanoat bu miqdorni ishlab chiqarish imkoniyatiga ega va kelgusida Ukrainaga ham yetkazib berish rejalashtirilmoqda. Litva Rossiya bilan 274 km, Belarus bilan esa 679 km chegaraga ega. Finlyandiyaning Rossiya bilan chegarasi esa 1340 km bo‘lib, bu NATO tarkibidagi davlatlar orasida eng uzuni hisoblanadi. Fin parlament mudofaa qo‘mitasi rahbari Heykki Auttoning ta’kidlashicha, minalar — yuqori samarador va arzon qurol tizimi hisoblanadi. Shuning uchun mamlakat xavfsizligi uchun o‘z ishlab chiqarish salohiyatini yo‘lga qo‘yishi zarur. Autto ta’kidlaganidek, Finlandiya 2011 yilda Ottava shartnomasiga qo‘shilgunga qadar 1 milliondan ziyod minaga ega bo‘lgan. Uningcha, bu minalarni saqlash — ulardan foydalanmaslikka kafolat beradi. Finlandiyadagi Nammo Lapua, Insta va Raikka kabi mudofaa kompaniyalari mina ishlab chiqarishda ishtirok etish niyati borligini parlament qo‘mitasiga ma’lum qilgan. Forcit Explosives kompaniyasi ham hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgan. Ikki mamlakatdagi rasmiylar mina ishlab chiqarish jarayonini konvensiyadan chiqish bo‘yicha olti oylik rasmiy jarayon tugashi bilan boshlash mumkinligini ma’lum qilishdi. Polsha, Latviya va Estoniya ham Ottava shartnomasidan chiqishini e’lon qilgan, ammo hozircha mina ishlab chiqarish rejasi haqida ma’lumot bermagan. Ukraina esa 1997 yilgi shartnomadan avvalroq chiqqan va Rossiya bilan urush davomida har ikki tomon ham mina qo‘llayotganlikda bir-birini ayblab kelmoqda.

Teglar

Mavzuga oid