
Yevropaga sayohat qiluvchi o‘zbekistonliklar soni 38 foizga oshdi — Aviasales
10.10.2025 | 08:3826193
Yevropaga parvozlar ichida eng ommabop yo‘nalishlar Riga va Vilnyus bo‘lib, ularga qiziqish mos ravishda 63 va 39 foizga o‘sgan.

Joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyida O‘zbekiston fuqarolarining Yevropaga sayohatlarga bo‘lgan talab 38 foizga oshgan. Bu haqda Aviasales Uzbekistan ma’lumotlariga asoslanib, Spot nashri ma’lum qilmoqda.
O‘rtacha sayohat davomiyligi 19 kunni tashkil etgan, bolalar bilan safar qiluvchi oilalar ulushi esa 7 foizga ko‘paygan. Shu bilan birga, chiptalarning o‘rtacha narxi 6,6 foizga pasaygani qayd etilgan.
Eng ko‘p tanlanadigan yo‘nalishlar qatorida Riga, Frankfurt, Vilnyus, Berlin, Varshava, Myunxen, Vena, Parij, Budapesht va Praga bor. Dastlabki besh yo‘nalish umumiy bronlashtirishlarning yarmiga yaqinini tashkil etadi.
Riga va Vilnyusga safarlar bo‘yicha talab keskin oshgan — mos ravishda 63 va 39 foizga. Analitiklar bu holatni nafaqat turizm, balki mehnat migratsiyasi va o‘qish bilan bog‘lamoqda.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning ikkinchi choragida Latviya, Litva va Estoniyadan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi o‘tgan yilga nisbatan 65,6 foizga oshgan.
Aviasales’ning mamlakat bo‘yicha menejeri Ruslan Bayganurovning ta’kidlashicha, Riga va Vilnyus yo‘nalishlariga qiziqishning o‘sishi faqat turizm bilan emas, balki ish, o‘qish va oilaviy sabablar bilan bog‘liq.
Eng qimmat yo‘nalish sifatida Parij saqlanib qolgan. Shu bilan birga, Germaniya umumiy bronlashtirishlar bo‘yicha yetakchi bo‘lib turibdi. O‘zbek yo‘lovchilarining qiziqishi ayniqsa Sharqiy Yevropa va Boltiqbo‘yi davlatlariga nisbatan o‘smoqda.





