
Yevropaga viza, Javohir Sindarovga 3 xonali xonadon va taomiga chang tushayotgan yashnobodliklar — 27-noyabr dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

O‘zbekiston oltin daromadlarini ehtiyotkorlik bilan boshqarishi kerak — XVJ
Xalqaro valuta jamg‘armasi O‘zbekistonga oltin narxi keskin oshib borayotgan sharoitda budjet daromadlari va valuta kursini ehtiyotkorlik bilan boshqarishni tavsiya qildi. Missiya yakuniy xulosalariga ko‘ra, oltin qimmatining o‘sishi mamlakat uchun bir vaqtning o‘zida ham imkoniyat, ham moliyaviy xavf bo‘lishi mumkin. 2025 yilning to‘qqiz oyida YAIM 7,6 foizga o‘sdi, inflatsiya esa ma’muriy energiya tariflari ta’sirining pasayishi va pul-kredit siyosatining qat’iyligi hisobiga sekinlashdi. Xalqaro rezervlar 12 oylik importni qoplaydigan darajada, oltin eksporti va pul o‘tkazmalari esa tashqi hisoblarni yaxshilagan.
Shu bilan birga, XVJ chakana kreditlash tez sur’atda oshib borayotganini, byudjetda rejadan yuqori daromadlar va imtiyozli kredit dasturlari inflatsiya xavflarini kuchaytirayotganini qayd etdi. Jamg‘arma xarajatlarni oltindan kelayotgan vaqtinchalik daromadlar hisobiga keskin oshirmaslik, bufer moliyaviy zaxiralarni to‘plash, ichki talab bosimini cheklash va valuta kursining ortiqcha mustahkamlanishiga yo‘l qo‘ymaslikni tavsiya qiladi. Tashkilotga ko‘ra, yuqori oltin narxi va iqtisodiy o‘sish yaqin yillarda islohotlarni tezlashtirish uchun yaxshi sharoit yaratmoqda.
O‘zbekistondan Yevropaga ishga borish uchun viza olish osonlashishi mumkin
Toshkentda O‘zbekiston TIV rahbariyati va Xalqaro migratsiya siyosatini rivojlantirish markazi o‘rtasida o‘tgan uchrashuvda Yevropaga ishga ketadigan o‘zbekistonliklar uchun viza talablarini soddalashtirish masalalari muhokama qilindi. Suhbat davomida migratsiya jarayonlarini tizimlash, Yevropa mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan sohalar uchun mutaxassislar tayyorlash dasturlarini kengaytirish va markazning ta’lim platformalarida o‘zbekistonlik kadrlar ishtirokini oshirishga kelishildi. Tashkilot hukumatlararo hujjatlarni tezlashtirilgan tartibda kelishishga ko‘mak berishini ma’lum qildi.
Uchrashuvda Shvetsiyadan qaytgan fuqarolarni reabilitatsiya qilish va jamiyatga qayta integratsiyalash mexanizmlarini takomillashtirish, BOMCA-11 dasturi doirasidagi amaliy natijalar ham muhokama etildi. Shuningdek, markazning O‘zbekistonda to‘laqonli vakolatxonasi ochilayotgani ma’lum qilindi. Xalqaro migratsiya siyosatini rivojlantirish markazi 21 davlatni birlashtiradigan hukumatlararo tashkilot bo‘lib, 1993 yilda Avstriya va Shveysariya tomonidan tashkil etilgan.
Javohir Sindarovga «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi» unvoni berildi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Sindarov Javohir Sanjarbekovichga «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi» faxriy unvoni berildi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
«O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan mamlakatimizda shaxmat sport turini yanada rivojlantirishga, xalqimiz o‘rtasida ushbu sport turini ommalashtirishga qo‘shayotgan ulkan hissasi, el-yurtimiz oldidagi farzandlik burchiga sodiq qolib, azmu shijoati, yuksak iroda va mahoratini, vatanparvarlik fazilatlarini yaqqol namoyon etgani, jahon miqyosida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, yuqori natijaga erishgani, Yangi O‘zbekistonning obro‘-e’tiborini dunyoga tarannum qilish, yoshlarimizni ona yurtga muhabbat, milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ulari ruhida tarbiyalash borasidagi alohida xizmatlari uchun shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Sindarov Javohir Sanjarbekovichga «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi» faxriy unvoni berildi», — deyiladi xabarda.
Shuningdek, Jahon kubogi sohibi bo‘lgan shaxmatchiga Prezident sovg‘asi - 3 xonali xonadon, uning murabbiylariga esa pul mukofotlari berilishi aytildi.
«Buyruq bor, kesinglar» — Bulung‘urda mingga yaqin daraxt aholiga kestirilgani aytilmoqda
Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanidagi Oqtepa kanali rekonstruksiyasi jarayonida mingga yaqin daraxt kesilgani ma’lum qilindi. «Zamon» dasturiga ko‘ra, Keldon, Nebo‘sa, O‘roqli, Gulzor va Mingchinor mahallalari hududidan o‘tuvchi kanal bo‘yida terak, tol, tut, yong‘oq kabi turlar moratoriyga zid ravishda yiqitilgan. Ekologiya qo‘mitasi maslahatchisi Rasul Kusherboyev kesish suv tanqisligi avj olgan bir paytda amalga oshirilganini keskin tanqid qildi va daraxtlarning ko‘karishi uchun zarur bo‘lgan sharoitlar yo‘qolib borayotganini qayd etdi.
Eng ko‘p muhokamaga sabab bo‘lgan holat — ayrim daraxtlarni aholining o‘ziga kestirilgani va kanal nazoratchisi tomonidan «prezident qarori bor» deya ko‘rsatma berilgani haqidagi da’volar bo‘ldi. Xabarga ko‘ra, kesilgan daraxt tanalari fuqarolarga qoldirilgan, biroq ularning yarim qiymatini irrigatsiya tizimi boshqarmasiga to‘lash talab qilingan. Bu holat kesishning qonuniyligi va davlat organlarining amaliy nazoratiga oid jiddiy savollarni paydo qilgan.
«Yeyayotgan taomimizgacha chang tushayapti» — Yashnoboddagi mahallalar tosh maydalash zavodlaridan aziyat chekmoqda
Toshkentning Yashnobod tumanidagi Bog‘zor va Olmos mahallalari aholisi yillar davomida faoliyat yuritib kelayotgan tosh maydalash zavodlari havoga tarqatayotgan katta miqdordagi chang va zararli zarrachalardan aziyat chekmoqda. Murojaatlarga ko‘ra, zavodlar Chirchiq daryosidan qum-shag‘al qazib olib, uni maydalash jarayonida chang va tosh kukunlari 200–300 metr uzoqlikdagi uylar ichigacha kirib boradi. Bu esa yo‘tal, allergiya, astma, nafas yo‘llari va yurak-qon tomir kasalliklari ommalashishiga sabab bo‘lmoqda. Zavodlar ekologik me’yorlarga mos zamonaviy filtrlash yoki suv sepish tizimlari bilan jihozlanmagani, shu tufayli aholi har kuni kuchli ekologik xavf ostida qolyotgani ta’kidlanadi.
Aholiga ko‘ra, zavodlar faoliyati nafaqat salomatlikka, balki Chirchiq daryosining o‘zaniga ham tiklanmas zarar yetkazmoqda. Murojaatda zavodlar aholi yashash hududidan xavfsiz masofaga ko‘chirilishi yoki qonunbuzilishlar tasdiqlansa, faoliyati to‘xtatilishi so‘ralgan. Shu bilan birga, filtrlash va changsizlantirish texnologiyalarini joriy etish, havo sifati monitorlarini o‘rnatish, aholi, ayniqsa bolalar uchun profilaktik tibbiy ko‘riklar tashkil etish talab qilinmoqda. Aholi muammo yuzasidan bir necha yildan beri idoralarga murojaat qilgan bo‘lsa-da, masala hal etilmagani qayd etilgan.





