
Yevropalik jurnalistlar Rossiyaning maxfiy yadro bazalariga oid 2 mln hujjatni qo‘lga kiritdi
28.05.2025 | 20:0018624
Daniya va Germaniya jurnalistlari Rossiyaning strategik yadroviy bazalariga oid maxfiy ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan 2 mlndan ortiq hujjatni fosh qildi. Hujjatlarda Yasniy shahridagi gipertovushli «Avangard» raketasi joylashgan bazaga oid to‘liq sxemalar mavjud.

Danwatch (Daniya) va Der Spiegel (Germaniya) tahririyatlari Rossiyaning maxfiy yadroviy ob’ektlariga oid ulkan ma’lumotlar oqimini aniqlaganini ma’lum qildi. Jurnalistlar qo‘liga 2 mlndan ziyod hujjat tushgan bo‘lib, ularda Rossiyadagi eng yuqori darajada qo‘riqlanadigan harbiy bazalar haqidagi to‘liq ma’lumotlar mavjud.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu hujjatlarda Yasniy shahrida joylashgan gipertovushli «Avangard» yadroviy raketasi saqlanadigan baza to‘g‘risida juda aniq detallar — qurilish sxemalaridan tortib, hojatxona va oshxonalar joylashuvigacha, yer osti tunnellari va qurol xonalarigacha ko‘rsatilgan. Shuningdek, IT tizimlari, kameralar, datchiklar, signalizatsiya va ichki infratuzilma sxemalari ham bor.
Harbiy tahlilchilar bu ma’lumotlarni «razvedka sohasida yuksak darajadagi» manbalar deb baholamoqda. Britaniya armiyasining sobiq razvedka polkovnigi Filip Ingremning ta’kidlashicha, ushbu hujjatlar yordamida bazalarning zaif nuqtalarini aniqlash mumkin.
Shuningdek, jurnalistlar hujjatlar orasida askarlar qaysi sport anjomlaridan foydalanishi, bo‘sh vaqtlarida shaxmat va shashka o‘ynashi haqidagi ma’lumotlarni ham topgan. Devordagi shiorlar, masalan: «Stop! Ortga qayt! Taqiqlangan hudud!», ham hujjatlar tarkibida aks etgan.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu hujjatlar davlat xaridlari tenderlari orqali oshkor bo‘lgan. 2020 yil dekabrida Rossiyada harbiy xaridlarni maxfiylashtirishga oid qonun qabul qilingan bo‘lsa-da, ishlab chiqaruvchi kompaniyalar ko‘plab hujjatlarni ochiq bazalarga joylashda davom etgan. Aynan shu ma’lumotlarni Danwatch va Der Spiegel 2024 yil yozgi tenderlari orqali aniqlagan.
Norvegiya harbiy akademiyasidagi razvedka tadqiqotlari bo‘yicha mutaxassis Tom Ryoset Rossiya bu bazalarga bo‘lgan ishonchni tiklash uchun ularni qayta qurishi mumkinligini ta’kidladi. Bu esa mamlakatga katta moliyaviy zarar keltiradi.
Rossiya Mudofaa vazirligi hozircha ushbu masala bo‘yicha hech qanday izoh bermadi.





