
YIdan Rossiyaga sanksiya ostidagi mashinalar sotilayotgani fosh etildi
Yevropadan bir nechta eksportyor va Armaniston, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda Moldova kabi uchinchi davlatlardan importyorlar ishtirok etgan keng qamrovli sxema aniqlandi.

Yevropaning firibgarlikka qarshi kurashish idorasi (OLAF) Rossiyaga nisbatan Yevroittifoq sanksiyalarini chetlab o‘tish bilan bog‘liq yirik xalqaro tergov boshlanganini ma’lum qildi. Tergov doirasida sanksiyalarni aylanib o‘tib, YI mamlakatlaridan 760 dan ortiq transport vositasi eksport qilingani o‘rganilmoqda.
Bu ish sanksiyalarni buzib, noqonuniy yetkazib berishlar sohasida ko‘lami jihatidan eng yiriklaridan biriga aylandi. Jami 766 ta avtomobil aniqlandi: ular Turkiyaga yetkazib berish uchun deklaratsiya qilingan, ammo ko‘rsatilgan manzilga yetib bormagan.
Tergov Polsha YIdan ishlatilgan avtomobillarning shubhali jo‘natmalarini aniqlab, ma’lumotlarni «OLAF»ga taqdim etganidan so‘ng boshlangan. Polsha bojxonasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu mashinalar aslida Rossiyaga o‘tkazilgan. «OLAF» YIdan bir nechta eksportyorlar va Armaniston, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda Moldova kabi uchinchi davlatlardan importyorlar ishtirok etgan keng qamrovli sxemani aniqladi. «OLAF»ning ma’lum qilishicha, deklaratsiya qilingan manzillarning hech biri 766 ta avtomobildan birortasini ham qabul qilmagan. Har bir mashina kuzatib borilgan, bu logistika zanjirini qayta tiklash va avtomobillarni Rossiya hududida aniqlash imkonini bergan. Tergov yakunlariga ko‘ra, YIning uchta a’zo davlatida jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan. «OLAF» bosh direktori vazifasini bajaruvchi Salla Saastamoynenening ta’kidlashicha, sanksiyalarni chetlab o‘tish sxemalari YI chora-tadbirlarini zaiflashtiradi, shu bois idora YI sanksiyalarining samarali qo‘llanishini ta’minlash va bunday qonunbuzarliklarning oldini olish ustida ishni davom ettirmoqda.
Polsha politsiyasi oldinroq ham Lyublin shahrida lyuks avtomobillar savdosi bilan shug‘ullangan uyushgan jinoiy guruhda ishtirok etganlikda gumonlanib, 20 nafar shaxsni qo‘lga olgan edi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, guruh sanksiyalarni aylanib o‘tib, avtomobillar savdosi va QQSni qaytarish bilan bog‘liq firibgarlikka qo‘l urgan. Ayrim jinoyatlar og‘ir toifaga kiritilgan bo‘lib, ular uchun 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etish va yirik jarimalar nazarda tutilgan. Tergovchilarning aniqlashicha, 2021-2025 yillarda guruh Polsha, Chexiya, Litva va Germaniyada faoliyat yuritgan. Ishtirokchilar bitimlar zanjirini murakkablashtirish va jinoiy faoliyatni yashirish maqsadida «qo‘g‘irchoq» shaxslardan foydalanib, kompaniyalar ro‘yxatdan o‘tkazgan. «BMW», «Mercedes», «Porsche», «Lexus» va «Range Rover» kabi premium markali avtomobillar avtosalonlardan sotib olingan, YIda vositachilarga qayta sotilgan, keyin esa yana Polshaga qaytarilgan. U yerdan mashinalar noqonuniy ravishda Rossiya va Belarusga, asosan belarus, ozarbayjon va qozog‘istonlik kompaniyalar orqali jo‘natilgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaga taxminan 600 ta avtomobil noqonuniy olib kirilgan. Guruhga aloqador kompaniyalar asossiz ravishda taxminan 10 million dollar miqdorida QQS qaytarib olgan.
2022 yil mart oyida AQSH, Yevroittifoq va Buyuk Britaniya Rossiyaga qiymati 50 ming dollardan yuqori bo‘lgan avtomobillarni yetkazib berishni taqiqlagan edi.





