
Yil boshidan beri 14 ming tadbirkor huquqlari tiklandi – Bosh prokuratura
2025 yilning o‘tgan davrida 14 ming tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklanib, 30 ming nafardan ortig‘iga muammolarni hal etishda ko‘maklashilgan.

13-dekabr kuni Bosh prokuraturada bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan hay’at majlisida tadbirkorlik sub’ektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, investitsiyalarni jalb etish va qulay biznes muhitini yaratish masalalari ham muhokama qilindi.
Ma’lum qilinishicha, tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, eksport hajmlarini oshirish va investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha ko‘rilgan choralar natijasida qariyb 14 ming nafar tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklangan. Shu bilan birga, 30 ming nafardan ortiq tadbirkorga faoliyati davomida yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etishda amaliy ko‘mak ko‘rsatilgan.
Shuningdek, yoqilg‘i-energetika sohasida qonuniylikni ta’minlash doirasida o‘tkazilgan qariyb 133 mingta reyd tadbirlari davomida 127 mingdan ortiq noqonuniy holatlar aniqlanib, 645 mlrd so‘m miqdorida zarar undirilgan.
Bundan tashqari, qurilish sohasida prokuror nazorati orqali davlat dasturlariga kiritilgan 5 846 ta ob’ektning o‘z muddatida foydalanishga topshirilishi ta’minlangan. Natijada 3,9 trillion so‘m budjet mablag‘lari tejalgan. Shuningdek, yer resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha ko‘rilgan choralar natijasida o‘zboshimchalik bilan egallangan 2 373 gektar yer maydonlari davlat zaxirasiga qaytarilgan.





