add

Yil boshidan buyon 123,5 trln so‘mlik moliyaviy xizmatlar ko‘rsatildi

30.10.2025 | 19:302911

Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, O‘zbekistonda moliyaviy xizmatlar hajmi o‘tgan yilga nisbatan 24,5 foizga oshgan.

Yil boshidan buyon 123,5 trln so‘mlik moliyaviy xizmatlar ko‘rsatildi

O‘zbekistonda 2025 yilning 9 oyi mobaynida ko‘rsatilgan moliyaviy xizmatlar hajmi 123,5 trln so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 2025 yilda ko‘rsatilgan moliyaviy xizmatlar hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 24,5 foizga oshgan.

Hududlar kesimida eng katta ulush Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu yerda moliyaviy xizmatlar hajmi 71,2 trln so‘mga yetgan. Bu respublika bo‘yicha umumiy ko‘rsatkichning yarmidan ko‘prog‘ini tashkil qilmoqda.

Farg‘ona viloyati 6,4 trln so‘m bilan ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Andijon viloyatida bu ko‘rsatkich 6,2 trln so‘mni tashkil etdi. Shuningdek, Toshkent viloyatida 5,2 trln va Samarqand viloyatida 5,1 trln so‘mlik moliyaviy xizmat ko‘rsatilgan.

Shuningdek, Qashqadaryo viloyatida 4 trln so‘m, Buxoro va Xorazmda mos ravishda 3,9 va 3,7 trln so‘m, Surxondaryoda esa 3,4 trln so‘mlik moliyaviy xizmatlar amalga oshirilgan. Eng past ko‘rsatkich Sirdaryo viloyatida bo‘lib, bu yerda xizmatlar hajmi 2,1 trln so‘mni tashkil qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yilning yanvar–sentyabr oylarida O‘zbekistonda ta’lim sohasida ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi bir yilda 4,2 foizga oshib, 26,3 trln so‘mga yetgani haqida xabar bergandik.

Teglar

Mavzuga oid