
Yirik soliq to‘lovchilar davlat byudjetiga 123,3 trln so‘m tushirdi
30.05.2025 | 19:401482
O‘zbekistonda 2024 yil davlat byudjeti tushumlarining 61,8 foizi yirik soliq to‘lovchilar hissasiga to‘g‘ri keldi. Bu ko‘rsatkich soliq tizimidagi islohotlar samaradorligini namoyon etmoqda.

O‘zbekistonda samarali soliqqa tortish tizimini shakllantirish va davlat soliq xizmati organlarining tizimli faoliyatini ta’minlash maqsadida bir qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2024 yil 1 iyuldan boshlab korxonalarni yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritish mezonlarining yangi tahriri kuchga kirdi hamda xo‘jalik sub’ektlarining yangilangan ro‘yxati tasdiqlandi.
Respublika davlat byudjetiga 2024 yilda umumiy soliq tushumlari 199,6 trln so‘mni tashkil etdi. Ushbu tushumning 123,3 trln so‘mi yoki 61,8 foizi yirik soliq to‘lovchilar hissasiga to‘g‘ri keldi. Soliq organlarining ma’lum qilishicha, bu ko‘rsatkich 2020 yilda 47 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilda 62 foizgacha o‘sgan.
Qayd etilishicha, 2021 yilda yirik soliq to‘lovchilar soni 1120 tani tashkil etgan va ularning hissasi 64 foizga yetgan bo‘lsa, 2024 yilda bunday sub’ektlar soni 959 tani tashkil etmoqda. Bu esa tushumlar ulushining miqdoriy ko‘rsatkichlar bilan uzviy bog‘liqligini ko‘rsatadi.





