add

Yo‘g‘-ye, shunaqami? — Lavrov BMT Nizomidan chekinish dunyoda urushlarni ko‘paytirishini ta’kidladi

26.09.2025 | 09:0046463

Sergey Lavrov Nyu Yorkdagi G20 yig‘ilishida BMT Nizomi prinsiplaridan voz kechish dunyoda yangi mojarolarga olib kelayotganini ta’kidladi.

Yo‘g‘-ye, shunaqami? — Lavrov BMT Nizomidan chekinish dunyoda urushlarni ko‘paytirishini ta’kidladi
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov BMT Bosh Assambleyasi doirasida o‘tayotgan G20 yig‘ilishida chiqish qildi. Uning ta’kidlashicha, xalqaro munosabatlarda BMT Nizomi qoidalarining buzilishi global beqarorlikni kuchaytirib, yangi mojarolarga zamin yaratmoqda. «Afrikadagi ko‘plab inqirozlar o‘n yillab hal etilmayapti, ular ko‘p jihatdan mustamlakachilik davridan meros bo‘lib qolgan. Yana bir yaqqol misol — Ukrainadagi inqiroz. Buni G‘arb uyushtirdi. NATO va Yevropa Ittifoqi Kiyev qo‘li bilan mamlakatimizga qarshi urush e’lon qildi va unda faol ishtirok etmoqda», — dedi Lavrov. Uning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro maydonda qoidalardan voz kechish dunyoda xavfli jarayonlarni kuchaytirayotganini ko‘rsatmoqda. Afrikadan tortib Sharqiy Yevropagacha bo‘lgan hududlarda siyosiy beqarorlik va qurolli to‘qnashuvlar soni oshib borayotgani aynan shuning natijasi hisoblanadi. BMT Bosh Assambleyasining yuqori darajali haftaligi 23 sentyabrdan 27 sentyabrga qadar, shuningdek, 29 sentyabr kuni Nyu Yorkda o‘tmoqda. Sergey Lavrovning Assambleya umumiy munozarasidagi asosiy nutqi 27 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Rossiya diplomati xalqaro hamjamiyatni «Nizomga sodiq qolishga va qonun ustuvorligini ta’minlashga» chaqirdi. Unga ko‘ra, aks holda xalqaro huquq tizimi butunlay inqirozga yuz tutadi. NATO Bosh kotibi Mark Ryutte esa Fox News efirida Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning bayonotlariga umuman ahamiyat bermaslikka chaqirdi. U Lavrovni «Iso payg‘ambar tug‘ilganidan beri biror foydali so‘z aytmagan shaxs», deb tanqid qildi.

Teglar

Mavzuga oid