
Yo‘l qoidalarini yengil buzgan haydovchilarga faqat ogohlantirish berish rejalashtirilmoqda
17.06.2025 | 12:3014533
Parlamentga kiritilgan yangi qonun loyihasiga ko‘ra, birinchi marta sodir etilgan yengil yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun ma’muriy jarima o‘rniga ogohlantirish chorasi qo‘llanishi mumkin. Bu chora fuqarolarga yumshoqroq munosabatni ta’minlashni ko‘zlaydi.
O‘zbekistonda ilk bor ma’muriy jazo tizimida alohida ta’sir chorasi sifatida «ma’muriy ogohlantirish» joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqdagi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga ko‘rib chiqish uchun kiritildi.
Qonun loyihasiga ko‘ra, avtomobil boshqarish paytida telefondan yoki monitordan foydalanish, to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzish, majburiy sug‘urtaning yo‘qligi hamda piyodalar tomonidan sodir etilgan ijtimoiy xavfi past huquqbuzarliklar uchun birinchi marta faqat ogohlantirish berilishi mumkin bo‘ladi.
Ushbu tashabbus O‘zLiDeP fraksiyasi tomonidan ma’qullangan bo‘lib, uning maqsadi — huquqbuzarliklarga nisbatan xolis va tarbiyaviy yondashuvni ta’minlash, shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning tarbiyaviy rolini mustahkamlashdir.
Qoidabuzarlik foto va video qayd etish vositalari orqali aniqlangan taqdirda, javobgar shaxs aniq belgilanishi ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 36-moddasiga jarimalar haqida o‘z vaqtida fuqarolarni xabardor qilish mexanizmlarini kuchaytirish bo‘yicha ham o‘zgartirishlar kiritiladi.
Qonun loyihasi Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘i asosida ishlab chiqilgan. Ogohlantirish chorasi yiliga faqat bir marta qo‘llanishi mumkin bo‘ladi.





