
«Yo‘llardagi ta’mirlash ishlarida qurilish me’yorlariga rioya etilmagan» — «Yuksalish» harakati
26.06.2025 | 13:0018925
«Yuksalish» jamoat harakati O‘zbekiston yo‘llarida fuqarolar xavfsizligiga tahdid solayotgan jiddiy muammolar borligini aniqladi. Monitoring natijalari yo‘l ta’mirlari va infratuzilmada katta kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatdi.
«Yuksalish» jamoat harakati tomonidan 2024-2025 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturlari ijrosi doirasida aprel va may oylarida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash yuzasidan jamoatchilik nazorati tadbirlari o‘tkazildi. Monitoring natijalari ko‘plab yo‘llarda texnik va infratuzilma muammolari borligini ko‘rsatdi.
Olib borilgan ishlarga qaramay, joylarda yo‘l ta’mirlash ishlari sifatsiz, qurilish normalariga zid holda amalga oshirilgan. Jizzax va Andijon viloyatlarida yo‘llar ta’mirga muhtoj, Samarqand tumanida esa yillar davomida ta’mirlanmagan ko‘chalar mavjud.
Toshkent va Qarshi shaharlarida yo‘l belgilari daraxt va to‘siqlar orasida qolgan, ba’zi joylarda yo‘l chiziqlari noaniq va yo‘qolib ketgan. Maxsus e’tibor talab qiladigan maktab va bog‘cha oldlarida esa «zebra», ogohlantiruvchi belgilari va sun’iy to‘siqlar yo‘qligi qayd etildi.
Piyodalar yo‘laklari ham ko‘p joylarda sifatsiz qurilgan yoki ta’mirga muhtoj. Xususan, Marg‘ilon va Xorazm viloyatlarida trotuarlar loyihadan chetda qolgan yoki belgilangan me’yorlarga javob bermaydi. Ayrim joylarda ochiq arыqlar nogironlar va bolalar arvachalari bilan harakatlanuvchilar uchun xavfli holatni yuzaga keltirmoqda.
Maxsus ehtiyojli fuqarolar uchun sharoitlar yetarli emas. Piyodalar o‘tish yo‘laklari, avtobus bekatlari va trotuarlar nogironligi bor shaxslar uchun moslashtirilmagani qayd etildi. Ayrim yo‘l uchastkalarining qaysi idora balansida ekani aniq emasligi ta’mir va nazoratni qiyinlashtirmoqda.
Sohadagi mutaxassislar amaldagi yo‘l qoidalari va standartlarda jiddiy kamchiliklar borligini, ularning ko‘pchiligi eskirgan va zamonaviy talablarga mos kelmasligini ta’kidladi. Yo‘l belgilarining yetishmasligi va ba’zilarining ortiqcha o‘rnatilgani, jarimalar miqdorining hayotiy xavf darajasiga mos emasligi, hamda YHQ ta’limi sifati past ekani muammo sifatida ko‘rsatildi.
«Yuksalish» harakati ushbu muammolar faqat raqamlar emas, balki inson hayoti va xavfsizligi bilan bog‘liq ekanini alohida ta’kidladi va mas’ul idoralarni jiddiy choralar ko‘rishga chaqirdi.





