add

Yong‘in chiqqan «Uch qahramon», tanqid kaltagini yeb pishadigan hokimlar va Qozog‘istonga suv beradigan O‘zbekiston — 11 avgust dayjesti

11.08.2025 | 22:0845978

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar, hodisalar yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Yong‘in chiqqan «Uch qahramon», tanqid kaltagini yeb pishadigan hokimlar va Qozog‘istonga suv beradigan O‘zbekiston — 11 avgust dayjesti
Toshkentda 2025 yil oxirigacha 50 ming «aqlli» suv hisoblagich o‘rnatiladi Toshkentda 2025 yil oxirigacha 50 mingta «aqlli» suv hisoblagich o‘rnatiladi. Bu loyiha Fransiyaning Suez kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan 7 yillik suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish dasturining bir qismi hisoblanadi. Ilk bosqichda hisoblagichlar Shayxontohur va Yangihayot tumanlarida sinovdan o‘tkazilmoqda. Yangi «aqlli» hisoblagichlar aholiga ko‘rsatkichlarni qo‘l bilan topshirishdan ozod qilish bilan birga, xatolarsiz ma’lumot bazasini shakllantirishga yordam beradi va suv taqsimotini yaxshilaydi. Kelgusi 5 yilda jami 670 ming hisoblagich almashtirilishi rejalashtirilgan va bu jarayon iste’molchilar uchun bepul bo‘ladi. Loyiha doirasida suv sifati nazorati sensorlari o‘rnatilishi, energiya sarfi optimallashtirilishi va tozalash inshootlari yangilanishi ham nazarda tutilgan.   Yunusoboddagi «Uch qahramon» bozorida yirik yong‘in sodir bo‘ldi Toshkentning Yunusobod tumanidagi «Uch qahramon» bozorida 11 avgust soat 02:20 larda yirik yong‘in sodir bo‘ldi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berishicha, yong‘in haqida xabar 02:22 da kelib tushib, yong‘in-qutqaruvchilar 7 daqiqada joyga yetib borishgan. Guvohlarning aytishicha, yong‘in tez tarqalib, bozorning bir qismini qamrab olgan. Huquq-tartibot xodimlari ayrim savdogarlarni bozor ichiga kirishga uringanlarini to‘xtatgan. Yong‘in 03:24 da qurshab olingan va 04:46 da to‘liq o‘chirilgan, 10 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji jalb qilingan. Jabrlanishlar haqida ma’lumot yo‘q. Hozirda yong‘in sabablari va zararlar o‘rganilmoqda.   O‘zbekiston va Qirg‘iziston Qozog‘istonga suv beradi O‘zbekiston va Qirg‘iziston Qozog‘istonning janubiy hududlaridagi suv yetishmovchiligini kamaytirish maqsadida 600 million metr kub suv yuboradi. Bu harakat vegetatsiya davri tugaguniga qadar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Qozog‘iston Bosh vaziri o‘rinbosari Qanat Bozumbayevning aytishicha, suv omborlaridagi holatlar va qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orishdagi muammolarni inobatga olgan holda, tezkor choralar ko‘rish zarur. Hozirgi vaqtda suv yetkazib berish jadvalidan 1 milliard metr kubdan ortiq kechikish mavjud. Markaziy Osiyodagi noqulay iqlim sharoiti suv oqimining kamayishiga va qishloq xo‘jaligida qiyinchiliklarga sabab bo‘lmoqda. Sirdaryo, Chu va Talas daryolari hamda kanallarda suv o‘tkazuvchanligi odatdagidan 30–40%ga kamaygan, bu suv ta’minotida qo‘shimcha choralar zarurligini ko‘rsatmoqda.   Xafta davomida havo harorati tushib boradi 11 avgustdan 16 avgustgacha O‘zbekistonda biroz bulutli ob-havo saqlanadi. 13 avgustda Qoraqalpog‘istonda, 16 avgustda esa Farg‘ona vodiysi va tog‘li hududlarda qisqa yomg‘ir va momaqaldiroq bo‘lishi kutilmoqda. Shamol asosan sharqdan 7–12 m/s tezlikda esadi, ayrim joylarda 13–18 m/sgacha kuchayadi, chang‘-to‘zonlar ehtimoli bor. Havo harorati viloyatlarda quyidagicha bo‘ladi: Toshkent va atrofida 31–40 daraja, Qoraqalpog‘istonda 30–37 daraja, Buxoro va Navoiyda 32–39 daraja, Qashqadaryo va Surxondaryoda 34–42 daraja, Farg‘ona vodiysida 30–39 daraja, tog‘li hududlarda esa 21–33 daraja. Harorat hafta davomida tushib boradi.   «Bir-ikki marta tanqid kaltagini yesa, pishadi», — Zoyir Mirzayev 11 avgust kuni bo‘lib o‘tgan «Hokimlik soati» yig‘ilishida Mirzayev qo‘l ostidagi rahbarlarga murojaat qilib, ijtimoiy tarmoqlar bilan hamkorlik qilish ular uchun foyda keltirishini aytdi. «Ijtimoiy tarmoq bilan hamkor bo‘lmagan hokimning ertangi kuni yo‘q. Qayerga qochasiz? Kameradan qochib bo‘lmaydi. Hokim bo‘lgandan keyin internetga chiqish tabiiy. Faqat maqtab yuborishimiz kerakmi? Bir-ikki marta tanqid kaltagini yesa, pishadi», — dedi u. Mirzayevning so‘zlariga ko‘ra, jurnalistlardan yoki kameradan qochish hokimning obro‘sini saqlab qolmaydi.

Teglar

Mavzuga oid

Yong‘in chiqqan «Uch qahramon», tanqid kaltagini yeb pishadigan hokimlar va Qozog‘istonga suv beradigan O‘zbekiston — 11 avgust dayjesti | Vaqt.uz