add

Yuqori reytingga ega tadbirkorlarga 1,8 trln so‘m QQS 1 kunda qaytarildi

18.09.2025 | 19:4026803

Shuningdek, yuqori reytingga ega tadbirkorlarga boshqa soliqlar bo‘yicha ortiqcha to‘lovlarni 3 kun ichida qaytarish va soliq tekshiruvlaridan ozod etish afzalliklarni taqdim etadi

Yuqori reytingga ega tadbirkorlarga 1,8 trln so‘m QQS 1 kunda qaytarildi
2025 yil boshidan buyon AAA reytingiga ega tadbirkorlarga 1,8 trln so‘m QQS 1 kunda qaytarilgan. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi axborot xizmati xabar berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yildan boshlab O‘zbekistonda tadbirkorlarning barqarorlik reytingi joriy etilgan edi. Shunga ko‘ra endi biznes faoliyati soliq intizomi va moliyaviy barqarorlikning 23 ta mezoni asosida elektron tizim orqali baholanmoqda. Baholangan biznes faoliyatlari natijalariga qarab, tadbirkorlar eng yuqori AAA (96–100 ball) darajadan eng past D (25 balldan kam) darajagacha bo‘lgan toifalarga ajratiladi. Yuqori reytingga ega bo‘lgan tadbirkorlarga quyidagi afzalliklarni taqdim etadi: — soliq tekshiruvlaridan ozod etish (AAA); — tekshiruvsiz QQSni 1 kunda qaytarish (AAA); — boshqa soliqlar bo‘yicha ortiqcha to‘lovlarni 3 kun ichida qaytarish (A va undan yuqori). Ma’lum bo‘lishicha, hozirgi kunda tizimda 552,8 mingdan ortiq tadbirkorlar ro‘yxatdan o‘tgan. Ulardan 2,3 mingtasi AAA reytingiga ega. 192 mingtasi esa D toifaga kiradi. Shu bilan birga, yuqori barqarorlik reytingidagi tadbirkorlar har yili 20 avgust — Tadbirkorlar kuni arafasida taqdirlash uchun davlat mukofotlari hamda «Faol tadbirkor» ko‘krak nishoniga tavsiya etiladi. Korxonaning mazkur reytingdagi o‘rnini Savdo-sanoat palatasi veb-sayti orqali korxona STIR raqamini kiritgan holda bilish mumkin, deyiladi Savdo-sanoat palatasi xabarida. Shuningdek ular korxonalar uchun qanday qilib yuqori ball to‘plash mumkinligi haqida tavsiyalar ham berib o‘tgan.

Teglar

Mavzuga oid