
Yutuqsiz lotereya — kelajakda pensiya? Tailand qariyalar uchun g‘alati dastur ishga tushirmoqda
03.10.2025 | 08:2333453
Tailand hukumati yutuqsiz lotereya chiptalarini maxsus pensiya hisoblariga o‘tkazish imkoniyatini beruvchi dastur joriy etmoqchi.

Tailand hukumati aholining qarishi va kelgusida pensiya ta’minotiga bo‘lgan xavotir ortib borayotgan bir paytda yangi tashabbusni yo‘lga qo‘ymoqchi. «The Nation» nashrining yozishicha, yutuqsiz raqamli lotereya chiptalari qiymatining bir qismi maxsus pensiya hisoblariga yo‘naltiriladi.
Bu haqda mamlakat bosh vazirining o‘rinbosari va moliya vaziri Ekniti Nitithanprapas ma’lum qildi. Unga ko‘ra, mexanizm ishlab chiqish jarayoni yakuniga yetgan va to‘rt oy ichida jamoatchilikka taqdim etiladi.
Loyihaga ko‘ra, maxsus ilovalar orqali sotib olingan yutuqsiz chiptalarning mablag‘lari avtomatik ravishda fuqarolarning individual jamg‘arma hisoblariga tushadi. Ularni 55 yoshdan so‘ng yechib olish mumkin bo‘ladi. 56 yoshdan oshganlar esa yana besh yilgacha mablag‘ to‘plashni davom ettirish huquqiga ega bo‘ladi. Jamg‘arilgan mablag‘lar kreditlar uchun garov sifatida ham ishlatilishi mumkin.
Shuningdek, moliya vazirligi pensionerlar uchun yillik 1 foiz atrofida daromad beruvchi davlat obligatsiyalarini taklif etishni rejalashtirmoqda. Bu ularning investitsiya bozoriga kirishini osonlashtirishi kutilmoqda.
Tahlilchilar fikricha, mazkur tashabbus mamlakat aholisining moliyaviy barqarorligini mustahkamlash, shu bilan birga kelajakdagi pensiya tizimida yuzaga chiqishi mumkin bo‘lgan xavflarni yumshatishga xizmat qiladi.





