add

Zangiotada 150 MW quvvatga ega energiya saqlash tizimi barpo etiladi

Kecha 20:341371 daqiqa

Toshkent viloyati Zangiota tumanida elektr energiyasini saqlash tizimini qurish orqali tarmoq barqarorligi oshirilib, energiya ta’minotidagi uzilishlar xavfi kamaytirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Zangiotada 150 MW quvvatga ega energiya saqlash tizimi barpo etiladi

Prezidentning 17-dekabrdagi PQ–381-son qarori bilan Toshkent viloyati Zangiota tumanida quvvati 150 MW, saqlash hajmi 300 MWh bo‘lgan elektr energiyasini saqlash tizimini qurish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari belgilandi. Ushbu loyiha mamlakat energetika tizimini modernizatsiya qilish va energiya xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan muhim tashabbuslardan biri hisoblanadi.

Qarorga muvofiq, loyiha doirasida Xitoy Xalq Respublikasiga tegishli «EAGLERISE DEVELOPMENT HK COMPANY LIMITED» tomonidan loyiha kompaniyasi sifatida «Mega Energy Power TECH» mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sis etildi. Loyiha kompaniyasi elektr energiyasini saqlash tizimini doimiy ravishda ishga tayyor holatda ushlab turish majburiyatini o‘z zimmasiga oladi.

Loyiha doirasida elektr energiyasini saqlash majmuasini yagona elektr energiyasi tarmog‘iga ulash uchun zarur bo‘lgan elektr uzatish tarmoqlari hamda podstansiya qurilishi rejalashtirilgan. Mazkur infratuzilma ob’ektlari qurib bitkazilgandan so‘ng, ular O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari aksiyadorlik jamiyati balansiga topshiriladi.

Qurilish va yer ishlarini amalga oshirish, binolar hamda inshootlar poydevorlarini loyihalashtirish jarayonlari xalqaro standartlar asosida, tegishli bitimlarga muvofiq tartibga solinadi. Bu esa loyihaning texnik xavfsizligi va ishonchliligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Teglar

Mavzuga oid