add

Zaxarovaning O‘zbekiston haqidagi bayonoti, Markaziy Osiyodagi xususiy maktablar narxlari va sentyabrdagi harorat — 29 avgust dayjesti

29.08.2025 | 23:00137011

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Zaxarovaning O‘zbekiston haqidagi bayonoti, Markaziy Osiyodagi xususiy maktablar narxlari va sentyabrdagi harorat — 29 avgust dayjesti
Litsenziyalar o‘yini: Oliy ta’lim vazirligi yolg‘onchimi? Bugun, 29 avgust kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi beshta universitetga bir nechta qo‘shimcha yo‘nalishlar bo‘yicha berilgan litsenziyalarni texnik xatolik, deb e’lon qilgan edi. Lekin, Adliya vazirligi tegishli tizimda nosozlik bo‘lganini rad etdi. Oliy ta’lim vazirligiga ko‘ra, 29 avgust kuni soat 06:19 dan 09:53 gacha license.gov.uz axborot tizimida yuzaga kelgan texnik nosozlik sababli, ko‘rib chiqish muddati tugamagan arizalar bo‘yicha ayrim nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarining amaldagi litsenziyalariga o‘zgartirish kiritish haqidagi so‘rovlariga tizim tomonidan belgilangan talab buzilgan holda ijobiy xulosalar shakllantirilgan. «Litsenziya» axborot tizimi (license.gov.uz)da texnik nosozliklar hamda ruxsat etilmagan harakatlar kuzatilmagan va tizim shtat rejimida ishlab turibdi», – deyiladi Adliya vazirligi bayonotida. Qayd etish kerak, bu Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan nodavlat OTMga texnik xatolik oqibatida litsenziya berilgani aytilgan ilk holat emas. 2024 yilning 21 avgust kuni «Abu Rayhon Beruniy universiteti» NTMga litsenziya bergan vazirlik bir oy o‘tgach bu litsenziya «tizimda yuzaga kelgan texnik nosozlik sabab xato berilgan»ini ma’lum qilgandi.   Mirziyoyev O‘zbekistonning Falastin borasidagi pozitsiyasini qayta esladi O‘zbekiston Falastin xalqi Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyalari bilan tasdiqlangan huquqqa, ya’ni o‘zining mustaqil davlatini barpo etish huquqiga ega, degan qat’iy pozitsiyada. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida bo‘lib o‘tayotgan davlat mustaqilligining 34 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirida so‘z ochdi.  «Afg‘oniston mintaqaviy va global xavfsizlikning muhim omili ekanidan kelib chiqib, ushbu mamlakatning hukumati bilan konstruktiv va amaliy hamkorlik olib borish zarur, deb bilamiz. Biz Falastin xalqi Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyalari bilan tasdiqlangan huquqqa, ya’ni o‘zining mustaqil davlatini barpo etish huquqiga ega, degan qat’iy pozitsiyamizni yana bir bor bildiramiz», – dedi prezident.   Markaziy Osiyoda xususiy maktablar: eng qimmat narx O‘zbekistonda Mintaqada xususiy maktablar soni tez ortib borayotgan bo‘lsa-da, ularning narxi aholining o‘rtacha daromadiga nisbatan juda yuqori. Xususiy maktablarning ko‘payishi nafaqat ota-onalarning sifatli ta’limga bo‘lgan ehtiyoji, balki bozorning rivojlanishi bilan ham bog‘liq. Endi ular oddiy dasturlardan tashqari xalqaro yo‘nalishlarni ham taklif qilishmoqda, jumladan Kembrij va Oksford dasturlari. Lekin shunga yarasha narxlar ham oshmoqda. O‘zbekiston hozirda bir vaqtning o‘zida eng qimmat hamda eng arzon xususiy maktablarga ega mamlakat bo‘lib turibdi. Qirg‘iziston va Qozog‘istonda maktablar narxi nisbatan muvozanatliroq, lekin baribir oilalarning o‘rtacha daromadidan ancha yuqori. Tojikistonda esa vaziyat yanada og‘ir: hatto yiliga bir yarim ming dollarlik eng arzon ta’lim narxi ham aholining yillik maoshidan bir necha baravar ko‘p. Batafsil maqolamizda bilib olishngiz mumkin. Kuzning ilk oyi qanday ob-havoda o‘tadi? Joriy kuz faslining ilk o‘n kunligida O‘zbekistonda asosan kam bulutli va quruq ob-havo kuzatilishi kutilmoqda. Kechalari va erta tongda harorat +15…+20 daraja atrofida, kunduz kunlari esa quyoshli havoda +35…+37 darajagacha isishi mumkin. Sentyabr oyi davomida harorat kechalari +8…+13 darajagacha, kunduz kunlari esa +20…+25 darajagacha tushib, ayrim kunlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Ilgari kuzatuvlar shuni ko‘rsatganki, oyning birinchi yarmida o‘rtacha kunduzgi harorat +30…+33 daraja, ikkinchi yarmida +26…+29 daraja bo‘lgan, eng yuqori harorat esa ba’zi hududlarda +41…+43 darajaga yetgan. Sentyabr oyi O‘zbekistonda yilning eng quruq oylaridan biri hisoblanadi, yomg‘ir kamdan-kam (oyiga 1-3 marta) yog‘adi. Oylik yog‘ingarchilik tekislik hududlarda 1–5 mm, tog‘larga yaqin hududlarda 6–10 mm, ayrim tog‘li joylarda esa 15–30 mm ni tashkil etadi. Ayrim yillarda butun respublikada yomg‘ir umuman tushmagan, ammo ba’zi kunlarda bir necha barobar ko‘p yog‘ingarchilik kuzatilgan holatlar ham qayd etilgan. Shunday qilib, sentyabr oyi odatda issiq va asosan quruq, lekin qisqa muddatli yomg‘irlar ehtimoli ham mavjud.   Zaxarova Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaning dushmanlari bilan aloqalari yuzasidan bayonot berdi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Kiyev va Boku haqidagi fikrlariga munosabat bildirib, O‘zbekistonning mustaqil va suveren davlat ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston tashqi siyosatini mustaqil ravishda olib boradi va yaqin hamda uzoq qo‘shnilar bilan do‘stona hamkorlikni mustahkamlashga harakat qiladi. Zaxarova shu bilan birga, Moskva va Toshkent munosabatlari strategik sheriklik va do‘stona, o‘zaro manfaatli xususiyatga ega ekanini qayd etdi. Bu bayonot O‘zbekiston prezidentining ilgari ozarbayjonlik hamkasbi Ilhom Aliyevning siyosatini maqtagani va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyni Ukraina Mustaqillik kuni bilan tabriklaganidan so‘ng berildi.

Teglar

Mavzuga oid