
Zelenskiy: Ukraina xavfsizligi NATOning beshinchi moddasiday kafolatlanishi shart
17.08.2025 | 20:3047883
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy xavfsizlik kafolatlari amalda ishlashi, NATOning beshinchi moddasi kabi kuchga ega bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Ukraina real xavfsizlik kafolatlariga ega bo‘lishi shart, ular esa amalda ishlashi va NATOning beshinchi moddasi kabi himoya mexanizmlarini ta’minlashi lozim. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen bilan birgalikda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ta’kidladi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Yevropaga integratsiya jarayonini xavfsizlik kafolatlarining ajralmas qismi sifatida ko‘radi. U mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi Kiyev uchun geosiyosiy barqarorlik va uzoq muddatli xavfsizlikni ta’minlaydi, deb hisoblaydi.
«Xavfsizlik amalda ishlashi, NATOning beshinchi moddasi kabi kuchga ega bo‘lishi kerak. Shu bois biz Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish jarayonini xavfsizlik kafolatlari tizimining bir qismi deb qarayapmiz», — dedi Zelenskiy.
Shuningdek, Ukraina rahbari AQSH prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham bu masalada yaqin nuqtayi nazarga ega ekanligini qo‘shimcha qildi. Uning ta’kidlashicha, AQSH hamda Yevropa mamlakatlari Ukraina xavfsizligi masalasida birlashgan holda harakat qilishi lozim.
Zelenskiy Yevropada Ukraina va Moldova masalasida bo‘linish yo‘qolishi zarurligini qayd etdi. Unga ko‘ra, agar bunday bo‘linish yuzaga kelsa, bu Yevropa Ittifoqining xavfsizlik bo‘yicha umumiy va qat’iy pozitsiyasi mavjud emasligidan dalolat berishi mumkin.





