Zelenskiy Ukrainada saylov e’lon qilinishi haqidagi xabarlarga oydinlik kiritdi
Shuningdek, u saylov o‘tkazish talabini ham aytdi. G‘arb matbuotida 24-fevral kuni saylov e’lon qilinishi haqida xabarlar tarqalgandi.

Ukraina prezidenti Voladimir Zelenskiy G‘arb ommaviy axborot vositalarida 24-fevral kuni mamlakatda saylovlar o‘tkazilishini e’lon qilmoqchi ekani haqida tarqalgan mish-mishlarni inkor etdi. Bu haqda «RBK Ukraina» xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Zelenskiy saylovlar va referendum e’lon qilinishi haqidagi mish-mishlarni ilk bor eshitmayotganini ta’kidlagan.
«Men saylovlar haqida ko‘p marta aytganman — biz barcha tegishli xavfsizlik kafolatlari mavjud bo‘lgandagina saylovlarga boramiz», - deya urg‘ulagan u.
Ukraina rahbarining so‘zlariga ko‘ra, saylov masalasini «u yoki bu hamkorlar» ko‘tarmoqda. Ukrainaning o‘zi bu masalani hech qachon ko‘tarmagan. Biroq bunday jarayonga tayyorgarlik bor.
«Bu juda oson — o‘t ochishni to‘xtating, saylovlar bo‘ladi. Ya’ni bu xavfsizlik masalasidir», - dedi Zelenskiy.
Shuningdek, Ukraina rahbari AQSH Ukrainaga xavfsizlik kafolatlaridan voz kechish bilan tahdid qilmayotganini va ularni saylovlar masalasi bilan bog‘lamayotganini ta’kidladi.
Saylov haqida
Eslatib o‘tamiz, bir kun avval Amerikaning «Financial Times» nashri Ukraina prezidenti Voladimir Zelenskiy AQSH bosimi tufayli 24-fevral kuni mamlakatda 15-maygacha saylov va referendum o‘tkazish rejalarini e’lon qilishi haqida xabar bergan edi.
Ma’lumot uchun,Ukrainada prezidentlik saylovlari 2024 yilda o‘tkazilishi kerak edi, biroq mamlakatda joriy etilgan harbiy holat tufayli ovoz berish jarayonlari qonunan to‘xtatilgan. Ukraina qonunchiligiga ko‘ra, harbiy holat davrida umummilliy saylovlar o‘tkazilmaydi. Rossiya bilan urush davom etayotgani, xavfsizlik xatarlari va millionlab fuqarolarning vaqtincha ko‘chirilgani saylovlarni tashkil etish imkoniyatini cheklamoqda.





