
Zelenskiy va Yevropa Kengashi Rossiya rahbariyatini sudga tortish uchun tribunal tuzishga kelishib oldi
26.06.2025 | 21:0023304
Volodimir Zelenskiy va Yevropa Kengashi Rossiya rahbarlarini Ukrainaga qarshi urush uchun javobgarlikka tortish imkonini beradigan maxsus tribunal tashkil etish bo‘yicha kelishuv imzoladi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va Yevropa Kengashi Bosh kotibi Alen Berse 2025 yil 25 iyun kuni Fransiyaning Strasburg shahrida Rossiya rahbariyatini sudga tortish uchun yangi maxsus tribunal tuzish haqida kelishuv imzoladi, deya xabar bermoqda CNN.
Zelenskiy bu tribunalni Rossiyaning Ukrainaga qarshi to‘liq masshtabli bosqini uchun Rossiya rasmiylarini javobgarlikka tortishning muhim qadami sifatida ta’rifladi. Urush 2022 yil fevraldan buyon davom etmoqda va ko‘plab insonlar hayotiga zomin bo‘ldi.
Yangi tribunal tuzilishi orqali urushda aybdor bo‘lgan Rossiya rahbarlariga qarshi huquqiy javobgarlik doirasi yanada kengaytiriladi. Xalqaro jinoyat sudi (XJS) allaqachon Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Rossiyaning bir qator siyosiy-harbiy shaxslariga qarshi insonlikka qarshi jinoyatlar bo‘yicha hibs orderlari chiqargan.
Yangi tribunal esa «tajovuz jinoyati»ni — bir davlatning boshqa davlatga qurolli hujumi bilan bog‘liq jinoyatlarni ko‘rib chiqadi. Yevropa Kengashi tarixida bunday sud organi birinchi marta tuzilmoqda.
«Bugun rasman ish boshlagan bu Tribunal Rossiya rejimining rahbariyatini mamlakatimiz va xalqimizga qarshi jinoyatlari uchun javobgarlikka tortish imkonini yaratadi», — deb yozdi Zelenskiy ijtimoiy tarmoqda.
U, shuningdek, barcha jabrlanuvchilar uchun adolat qaror topishi uchun harakatlarni davom ettirishini ta’kidladi. Zelenskiy Rossiya rasmiylari Hagada sud oldida javob berishlari kerakligini bildirdi.
Yevropa Kengashi Bosh kotibi Alen Berse esa bu tarixiy kelishuv xalqaro huquq barcha uchun bir xil qo‘llanilishi lozimligini eslatib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, Xalqaro jinoyat sudi 2023 yil mart oyida Vladimir Putin va Rossiya prezidentining bolalar huquqlari bo‘yicha vakili Mariya Lvova-Belovaga nisbatan Ukrainadan bolalarni noqonuniy deportatsiya qilish aybi bo‘yicha hibs orderlari chiqargan edi.





