
Zokirjon Almatov IIV xodimlariga: «Siz bilan biz faqat qamash uchun yaratilmaganmiz»
08.10.2025 | 11:1747814
Vazir maslahatchisi Zokirjon Almatov Furqat tumanida tahqirlangan maktab direktori voqeasi bo‘yicha munosabat bildirdi va ichki ishlar tizimidagi bunday harakatlarni qattiq qoraladi.

IIV Jamoatchilik kengashi yig‘ilishida so‘zga chiqqan sobiq ichki ishlar vaziri, ayni damda vazir Aziz Toshpo‘latovning maslahatchisi Zokirjon Almatov Farg‘ona viloyati Furqat tumani IIB boshlig‘ining maktab direktorini tahqirlagani bo‘yicha o‘z munosabatini bildirdi va ichki ishlar tizimidagi bunday xatti-harakatlarni qoralab chiqish qildi.
«Jahlni jilovlash nimaligini bilish kerak. Bunday o‘ta ketgan vahshiylikka borish, bu uning rahbarining qaysidir yo‘llar bilan amalga o‘tirib qolgani natijasi, deb o‘ylayman. Nega desangiz, qanday bo‘lgan sharoitda ham Ichki ishlar idorasining xodimi o‘zini ushlashni bilishi kerak. Biz, bunaqa o‘zidan ketib qolgan rahbarlarni aslo kechirmaymiz.
Har bir bo‘lgan yig‘ilishda vazir, vazirlik rahbariyati, viloyat Ichki ishlar boshqarmasining boshliqlari shu narsani talab qiladi. «Jahlingga erk berma, jahlingni jilovla. Odamlarni oldin eshit yaxshilab», deyiladi. Qo‘l ko‘tarsang, boshqa narsa qilsang, bizga jahl qilib, o‘zini osib qo‘yganlar ham bo‘lgan», — dedi Zokirjon Almatov.
Z.Almatov tizimda ishlayotgan yoshlarga xitoban murojaat qildi.
«Yigitlar, qizlarimiz, eshitinglar, insonlarga nisbatan mehr-muhabbat degan narsa hammasi ma’naviyatimizda bo‘lishi shart. Siz bilan biz faqat qamash uchun yaratilmaganmiz. Tarbiyalash masalasi, insonlarga g‘amxo‘rlik qilish, ularga yordam berish uchun ichki ishlar idoralari xodimlari bor. Shu narsa hech qachon esimizdan chiqmasin», dedi u.
Z.Almatovga ko‘ra «odam» bo‘lmaydiganlarga yarasha qonun bo‘yicha jazosini berilishi shart. Tizimimizda ana shunday turli odamlar ishlab kelgan va hozir ham bitta-yarimta uchrab turibdi.





