
«Zomin qozon patiri» davlat tomonidan himoyalanadigan brendga aylandi
11.07.2025 | 21:5035973
Jizzax viloyatining mashhur non mahsuloti — «Zomin qozon patiri» O‘zbekiston davlat reyestriga 20-geografik ko‘rsatkich sifatida kiritildi. Endi uning nomi, sifati va kelib chiqish manbai qonuniy himoya ostida bo‘ladi.

O‘zining o‘ziga xos ta’mi va an’anaviy tayyorlanish usuli bilan mashhur bo‘lgan «Zomin qozon patiri» rasman geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Ushbu mahsulot Jizzax viloyatining Zomin tumaniga xos bo‘lib, mahalliy sut va sariyog‘ qo‘shilgan alohida xamirdan tayyorlanadi va qozonda pishiriladi.
Intellektual mulk agentligi ma’lumotiga ko‘ra, patir 20-geografik ko‘rsatkich sifatida O‘zbekiston davlat reyestriga kiritilgan. Bu esa mahsulotning nomi, sifati va kelib chiqish manbaini qonuniy jihatdan himoyalash imkonini beradi.
Geografik ko‘rsatkich — ma’lum hududga xos mahsulotni tasdiqlovchi va uning sifatini kafolatlovchi huquqiy belgidir. U ushbu mahsulotning an’anaviy retsepti, ishlab chiqarish usuli va o‘ziga xos xususiyatlari davlat tomonidan tan olinganini bildiradi.
Mutasaddilarning qayd etishicha, ushbu ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, hududiy brendni ilgari surish va ichki hamda tashqi bozorda original mahsulotni tanitishga xizmat qiladi.
Endilikda «Zomin qozon patiri» nomi bilan mahsulot tayyorlash va sotish faqat tegishli talablarga mos ishlab chiqaruvchilarga ruxsat etiladi. Bu esa iste’molchilarga sifatli va haqiqiy mahsulotni taqdim etishni kafolatlaydi.





