Logo

1-iyuldan raqamli markirovka tizimida yangi talablar kuchga kiradi

Бугун 14:202 дақиқа

Markirovka qilingan tovarlarni sotishda elektron hisobvaraq-fakturalar va onlayn kassa tizimlari orqali qo‘shimcha avtomatik nazorat mexanizmlari joriy etiladi.

1-iyuldan raqamli markirovka tizimida yangi talablar kuchga kiradi © Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekistonda raqamli markirovka tizimini takomillashtirish bo‘yicha yangi talablar joriy etilmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 23-yanvardagi 23-son qaroriga muvofiq, 1-iyuldan boshlab majburiy raqamli markirovka tatbiq etilgan tovarlarni realizatsiya qilish jarayonida qo‘shimcha tekshiruvlar amalga oshiriladi.

Yangi tartibga ko‘ra, elektron hisobvaraq-fakturalarda bir qator ma’lumotlar avtomatik ravishda nazorat qilinadi. Xususan, tovar yetkazib beruvchida tegishli litsenziya, ruxsatnoma yoki xabardor qilish hujjatining mavjudligi tekshiriladi. Shuningdek, tadbirkorlik subyektining «Asl belgisi» milliy axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tganligi ham nazorat qilinadi.

Bundan tashqari, raqamli markirovka kodlarining to‘g‘ri kiritilganligi va tovarni xarid qilayotgan chakana savdo subyekti maxsus kod o‘quvchi qurilmalar bilan jihozlanganligi ham avtomatik tarzda aniqlanadi.

Avtomatik nazorat kuchayadi

Onlayn nazorat-kassa texnikasi cheklarida ham qo‘shimcha tekshiruvlar yo‘lga qo‘yiladi. Unda raqamli markirovka kodining «Asl belgisi» tizimida mavjudligi hamda mahsulotning MXIK kodi markirovka kodiga muvofiqligi avtomatik tarzda tekshiriladi.

Hukumat ushbu choralar orqali tovarlar harakati shaffofligini ta’minlash, noqonuniy aylanmaning oldini olish va raqamli markirovka ma’lumotlarining ishonchliligini oshirishni maqsad qilgan.

Tadbirkorlarga imtiyoz beriladi

Yangi talablar doirasida tadbirkorlarga raqamli markirovka kodlarini o‘qish uchun zarur bo‘lgan 2D-skanerlar xaridida soliq imtiyozlari ham taqdim etiladi.

Soliq qo‘mitasi raqamli markirovka bilan bog‘liq savollar yuzasidan tezkor amaliy yordam olish imkoniyatini ham eslatdi. Tadbirkorlar soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali «Raqamli markirovka bilan ishlash» xizmati yordamida hududlararo soliq inspeksiyasiga murojaat qilishlari mumkin. Kelib tushgan murojaatlar qisqa muddatlarda ko‘rib chiqilib, tegishli tushuntirish va amaliy yordam taqdim etiladi.

Теглар

Мавзуга оид