Logo

1-sentabrgacha ko‘chiriladigan «zapravkalar» ro‘yxati tuziladi

Бугун 12:252 дақиқа

O‘zbekistonda xavfsizlik talablarini buzgan yoqilg‘i quyish shoxobchalari ro‘yxati 1-sentabrgacha shakllantiriladi. Ular bosqichma-bosqich xavfsiz hududlarga ko‘chirilishi rejalashtirilgan.

1-sentabrgacha ko‘chiriladigan «zapravkalar» ro‘yxati tuziladi

18-iyun kuni Vazirlar Mahkamasining yoqilg‘i quyish shoxobchalarida avariyalarning oldini olish hamda odamlar hayotiga xavf tug‘diruvchi omillarni bartaraf etishga qaratilgan qarori qabul qildi. Qaror 22-iyundan kuchga kirdi.

Hujjatga ko‘ra, 2025 yilda idoralararo ishchi guruhlar mamlakat bo‘ylab neft mahsulotlari, suyultirilgan va siqilgan gaz sotuvchi 6196 ta obyektni xatlovdan o‘tkazgan. Tekshiruvlar davomida jami 46 737 ta qoidabuzarlik aniqlangan. Ularning 25,3 mingdan ortig‘i sanoat va texnik xavfsizlik talablariga, 7949 tasi yong‘in xavfsizligiga, 7875 tasi texnologik jarayonlarga, qolganlari esa ekologik va qurilish me’yorlariga taalluqli bo‘lgan.

Tekshiruvlar yakunida 7166 ta kamchilik bartaraf etilgan, qo‘pol qoidabuzarliklar sababli esa 464 ta yoqilg‘i quyish shoxobchasi faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.

Yangi talablar

Qaror bilan yoqilg‘i quyish shoxobchalari uchun yong‘in, sanoat, ekologik va texnologik xavfsizlik bo‘yicha minimal talablar belgilandi. Ularning bajarilishi FVV, «O‘zenergoinspeksiya», Sanoat xavfsizligi qo‘mitasi hamda Ekologiya qo‘mitasi tomonidan nazorat qilinadi.

1-sentabrdan boshlab xizmat muddati tugagan, ishlab chiqarilgan sanasi noma’lum yoki ortiqcha bosim ostida xavfli holatda ishlaydigan uskunalardan foydalanish taqiqlanadi. Bu cheklov 2030-yil 1-yanvarigacha amal qiladi.

Shuningdek, Eco-Himoya platformasi U-Gas tizimi bilan integratsiya qilinadi. Bu orqali gaz quyish shoxobchalari avtomobillardagi gaz ballon uskunalarining texnik ko‘rikdan o‘tganini onlayn tekshirishi mumkin bo‘ladi.

Ko‘chirish boshlanadi

Qarorga muvofiq, 1-sentabrga qadar xavfsizlik, shaharsozlik va ekologik talablarni buzgan hamda aholi hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirayotgan yoqilg‘i quyish shoxobchalarining yagona reyestri shakllantiriladi.

Shundan so‘ng mazkur obyektlarni bosqichma-bosqich xavfsiz hududlarga ko‘chirish choralari amalga oshiriladi.

Ko‘chirish jarayonida tadbirkorlarning yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlari saqlab qolinishi belgilangan. Shu bilan birga, hokimliklarga muhofaza zonalarida yoqilg‘i quyish faoliyatiga aloqasi bo‘lmagan obyektlar qurilishi uchun yer ajratmaslik vazifasi yuklatildi.

Eslatib o‘tamiz, 8-iyun kuni soat 13:50 da Qashqadaryo viloyati, Qarshi tumani, «Chaman» MFY hududida joylashgan maishiy gaz ballonlariga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasida portlash sodir bo‘lgandi. Hodisa oqibatida 6 kishi halok bo‘lgan.

Теглар

Мавзуга оид