15 ta tumanda gaz va elektr muammolarini hal etish uchun maxsus shtablar tuzildi
Energetika vazirligi elektr va gaz ta’minotida muammolar ko‘p kuzatilayotgan 15 ta tumanda maxsus shtablar tashkil qildi. Ularga tizim rahbarlari boshchilik qiladi.
© ShutterstockEnergetika vazirligi elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minotini yaxshilash maqsadida mamlakatning 15 ta tumanda maxsus shtablar tashkil etdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, shtablar joylardagi elektr va gaz ta’minoti holatini chuqur tahlil qilish, mavjud muammolarni aniqlash va ularni tizimli bartaraf etish orqali iste’molchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish uchun tuzilgan.
Har bir shtabga energetika sohasi tashkilotlari rahbarlari boshliq etib biriktirilgan. Tuman hokimlari esa shtab rahbarlarining o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritadi.
Qaysi tumanlarda?
Maxsus shtab tuzilgan tumanlar va ularga biriktirilgan rahbatlar:
Andijon tumani — Energetika vaziri maslahatchisi Dadajon Isakulov;
Davlatobod tumani — O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari boshqaruvi raisi Abdumalik Nazirov;
Denov tumani — O‘zenergoinspeksiya boshlig‘i o‘rinbosari Bexzod Sobirov;
Farg‘ona tumani — Hududgazta’minot boshqaruvi raisi Marufxon Xodjayev;
Koson tumani — O‘zenergoinspeksiya boshlig‘i o‘rinbosari Xurshidjon Eshqo‘ziyev;
Mirzo Ulug‘bek tumani — Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Umid Mamadaminov;
Qo‘shtepa tumani — O‘zenergosotish boshqaruvi raisi Jahongir Obidjonov;
Sirdaryo tumani — Issiqlik elektr stansiyalari boshqaruvi raisi Bahodir Jo‘rayev;
To‘rtko‘l tumani — Issiqlik elektr stansiyalari boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Ozod Axunov;
Urganch tumani — Hududiy elektr tarmoqlari boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Bobur Islomov;
Urgut tumani — Hududiy elektr tarmoqlari boshqaruvi raisi Sardor Isakulov;
Xatirchi tumani — Energetika vaziri o‘rinbosari Umarjon Egamberdiyev;
Yangiyo‘l tumani — Energetika vaziri Sherzod Xodjayev;
G‘ijduvon tumani — O‘ztransgaz boshqaruvi raisi Askar Isakov;
Sharof Rashidov tumani — O‘zenergoinspeksiya boshlig‘i Axad Isoqjonov.
Nega aynan shu tumanlar?
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, mazkur tumanlar elektr va gazdan qarzdorlik yuqoriligi, energiya resurslaridagi texnik yo‘qotishlar ko‘pligi, eskirgan infratuzilma hamda aholi murojaatlari soni kabi mezonlar asosida tanlangan.
Ushbu hududlarda elektr va gaz tarmoqlarini modernizatsiya qilish, eskirgan uskunalarni almashtirish, transformator punktlarini ta’mirlash, elektr tarmoqlarini daraxt shoxlaridan tozalash, gaz taqsimlash qurilmalari va quvurlarni qayta ko‘rikdan o‘tkazish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda «Energetika xavfsizligi oyligi» boshlanganligi haqida xabar berilgandi.





