Logo

30 milliard dollarlik maqsad: O‘zbekiston tog‘-kon sanoatiga sun’iy intellekt joriy etiladi

O‘zbekistonda geologiya va tog‘-kon sanoatida sun’iy intellekt hamda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali yangi konlarni aniqlash va investitsiyalarni ko‘paytirish rejalashtirilmoqda.

30 milliard dollarlik maqsad: O‘zbekiston tog‘-kon sanoatiga sun’iy intellekt joriy etiladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida raqamli hamda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, mamlakat iqtisodiyotida muhim o‘rin tutadigan tog‘-kon sanoati va geologiya tarmog‘i 2025 yilda umumiy sanoat mahsulotining 20 foizini ta’minlagan. Soha korxonalarining davlat budjetiga tushumlari esa 118,5 trillion so‘mni tashkil etgan.

Taqdimotda sohani texnologik transformatsiya qilish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va zamonaviy raqamli yechimlarni keng tatbiq etish iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

2025 yilda yirik tog‘-kon korxonalarida amalga oshirilgan raqamlashtirish ishlari natijasida 7,3 trillion so‘m operatsion xarajatlar tejalgan va mahsulot tannarxi 9,1 foizga kamaygan.

Sun’iy intellekt yangi imkoniyatlar ochadi

Ma’lum qilinishicha, kelgusi besh yil ichida mamlakatning oltin zaxiralarini 879 tonnaga, kumushni 510 tonnaga va mis zaxiralarini 676 ming tonnaga oshirish bo‘yicha ishlar boshlangan.

Bu jarayonlarda sun’iy intellekt geologik ma’lumotlarni tahlil qilish, konlarni prognozlash va zaxiralarni aniq hisoblashda qo‘llaniladi. Geologiya-qidiruv jarayonlarining barcha bosqichlariga sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish rejalashtirilgan.

Prezident buning uchun sohada texnologik transformatsiyani yangi bosqichga olib chiqish, ishlab chiqarish jarayonlarini sun’iy intellekt yordamida boshqarish va tahlil qilish tizimini shakllantirish zarurligini ta’kidlagan.

Xaritalar, qidiruv natijalari, burg‘ulash ma’lumotlari va laboratoriya tahlillari 3D modellar orqali tahlil qilinadi. Bu yangi konlarni aniqlash muddatini ikki baravar qisqartirish imkonini beradi.

Milliy baza va 44 ta loyiha

2030 yilga qadar geologiya va tog‘-kon sanoatiga 30 milliard dollardan ortiq investitsiya jalb qilish maqsad qilingan. Buning uchun Geologik ma’lumotlar milliy bazasi tashkil etilib, 36 mingdan ziyod hisobot va birlamchi ma’lumotlar raqamli ko‘rinishga o‘tkaziladi.

Taqdimotda 2026–2030 yillarda «Navoiy KMK», «Olmaliq KMK», «Navoiyuran», «O‘zmetkombinat», «O‘zbekko‘mir» va «O‘zbekiston texnologik metallar kombinati»da sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarga oid 44 ta loyihani amalga oshirish rejalari haqida axborot berilgan.

Loyihalar natijasida operatsion samaradorlik 7 foizga, texnika ishonchliligi 20 foizga, energiya samaradorligi 8 foizga oshishi, inson omili bilan bog‘liq xato va xavflar esa 15 foizga kamayishi kutilmoqda.

Теглар

Мавзуга оид