ABB «Davr bank» xaridini III chorakda yakunlashi kutilmoqda — Fitch
Ozarbayjonning ABB banki «Davr bank»ni sotib olish jarayonini sentabr oxirigacha yakunlashi mumkin. Fitch bitim ABBning kredit profiliga jiddiy ta’sir qilmasligini kutmoqda.

Fitch Ratings Ozarbayjon xalqaro banki — ABBning «Davr bank»dagi nazorat paketini sotib olish bitimi 2026 yilning uchinchi choragi oxirigacha yakunlanishini kutmoqda.
Agentlik O‘zbekistondagi bankni ABBga nisbatan kichik deb baholagan. Shu sababli xarid Ozarbayjon bankining kredit profiliga sezilarli ta’sir ko‘rsatmasligi prognoz qilinmoqda.
Fitch bitimni ABB faoliyatini diversifikatsiya qilish va daromadliligi yuqoriroq bozorlarga chiqish strategiyasining bir qismi sifatida ko‘rmoqda.
ABB «Davr bank»ning 74 foizigacha ulush olishi mumkin
«Davr bank» aksiyadorlari 8-iyun kuni bankning 51 foiz aksiyasini ABBga sotish bo‘yicha bitimni ma’qullagan. Kelishuvga ko‘ra, nazorat paketi uchun 100 mln dollar to‘lanadi.
Bundan tashqari, ABBga keyinchalik yana 23 foiz aksiyani sotib olish imkonini beruvchi mexanizm ham ko‘zda tutilgan. Natijada Ozarbayjon bankining «Davr bank»dagi ulushi 74 foizgacha oshishi mumkin. Biroq qo‘shimcha aksiyalar qachon va qanday narxda sotib olinishi hozircha ochiqlanmagan.
Bitim yakunlangach, bank «ABB Davr bank» nomi ostida faoliyat yuritishi kutilmoqda.
«Davr bank»ka 2001 yilda asos solingan. Bank aktivlari qariyb 1 mlrd dollarga teng bo‘lib, u 1,4 mln mijozga xizmat ko‘rsatadi va mamlakat bo‘ylab 43 ta filialga ega. 2025 yilda bankning sof foydasi 667,3 mlrd so‘mni tashkil qilgan.
Xarid kapital buferini qisqartiradi
Fitch xaridni ABBning umumiy kredit profili uchun neytral baholagan bo‘lsa-da, bitim bankning kapital ko‘rsatkichlariga ta’sir qiladi.
ABBning Fitch usulida hisoblangan asosiy kapital koeffitsiyenti 2024 yil oxiridagi 29 foizdan 2025 yil yakunida 25 foizgacha pasaygan. Bunga risk darajasi hisobga olingan aktivlarning 31 foizga o‘sishi va 2024 yil sof foydasining 56 foiziga teng dividend to‘lanishi sabab bo‘lgan.
Agentlik «Davr bank» xaridi va ABB kredit portfelining kengayishi ortidan koeffitsiyent 2026 yil oxirigacha 22 foizga tushishini kutmoqda. Bu amaldagi darajadan 3 foiz punktga past.
Biroq Fitch pasayishning qanchasi bevosita «Davr bank» xaridi, qanchasi ABBning o‘z kredit portfeli o‘sishi hisobiga yuz berishini alohida ko‘rsatmagan. Shu sababli uch foiz punktlik pasayishning barchasini bitim ta’siri sifatida baholab bo‘lmaydi.
2027 yilda kapital koeffitsiyenti yana pasayishi mumkin. Shunga qaramay, Fitch uning 20 foizdan yuqorida qolishini va bu daraja kutilmagan zararlarni qoplash uchun yetarli bo‘lishini prognoz qilmoqda.
«Davr bank» xaridi haqidagi baho ABB reytingiga oid hisobotda keltirilgan. Agentlik Ozarbayjon bankining uzoq muddatli emitent defolti reytingini «BB»dan «BB+»gacha oshirgan va prognozni «barqaror» darajada saqlab qolgan.
Fitch qarorni ABBning risk profili yaxshilangani, daromadliligi yuqori va kapital zaxirasi yetarli ekani bilan izohlagan. Demak, «Davr bank» xaridining neytral baholanishi ham ABBning hozirgi kuchli moliyaviy holatiga tayanadi.
O‘zbekiston Markaziy banki 23-iyun kungi uchrashuvda ABB bilan «Davr bank»ning 51 foiz ulushini sotib olish rejasini muhokama qilgan. Biroq regulyator xabarida bitimga ruxsat berilgani qayd etilmagan.





