Logo

«Agar bekatlardagi do‘konlarning egalari hamma talablarni bajarsa, ular buzilmaydi» — Furqat Murodov

Бугун 15:252 дақиқа

Vaqt.uz jurnalisti yangi avtobus bekatlari bo‘yicha mas’ullarni savolga tutdi. Toshkent shahar Yo‘l harakatini tashkil etish markazi rahbari o‘rinbosariga ko‘ra, do‘kon egalari agar qaror talabi bo‘yicha majburiyatlarini bajargan bo‘lsa, magazinlar joyida qoladi. Shu paytgacha faqat talablarni bajarmaganlari buzilgan.

«Agar bekatlardagi do‘konlarning egalari hamma talablarni bajarsa, ular buzilmaydi» — Furqat Murodov © Ijtimoiy tarmoqlar

28-iyul kuni Toshkent shahar hokimligida yangi avtobus bekatlari masalasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Tadbir davomida Vaqt.uz jurnalisti poytaxt Yo‘l harakatini tashkil etish markazi rahbariyatiga bir qator savollar bilan murojaat qildi.

U shaharning avvalgi hokimi do‘konli bekatlarga ruxsat bergani, bu galgi hokim esa zamonaviy bekatlarni yo‘lga qo‘yish uchun tashabbus bilan chiqqanini aytib, yangi bekatlar qurilishi munosabati bilan o‘sha hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga do‘konlari buzilishidan oldin biror muqobil taklif yoki shartlar taqdim etilgan-etilmagani haqida so‘radi.

«Bir kun emas, ikki kun emas, yillar davomida bekatlar noto‘g‘ri ishlagan ekan. Kechirasiz, hokimlik qayoqqa qaragan? Nazorat oxir-oqibat hokimiyatda emasmidi? Yangi bekat qurishdan oldin o‘sha do‘konning egasiga borib «Bo‘ldi, hujjat bo‘yicha do‘koning 30 foizini egallashi kerakmi, 30 foizini egallaysan, qolganini bo‘shatib qo‘y», deb shart qo‘yish imkoni yo‘qmidi? Do‘kon egalari do‘koni buzilgandan ko‘ra o‘sha 70 foizini bo‘shatib qo‘yishga jon degan bo‘lardi», — dedi u.

Yo‘l harakatini tashkil etish markazi mas’uli esa bekatlardagi do‘kon egalariga o‘sha yer ularga nima majburiyat bilan berilgan bo‘lsa, uni ta’minlab qo‘yish yuzasidan xabarnoma yuborilishini ma’lum qildi.

«Har bitta do‘kon individual berilgan. Shartlari har xil. Kimdadir, deylik, 100 kvadrat berilgan joylari ham bor. 30 kvadrat do‘kon bo‘lsin, 30 kvadrat yo‘lovchiga qulaylik bo‘lsin. Buni ko‘taryapmiz, albatta hammasiga beramiz. Men bu pozitsiyangizni 100 foiz qo‘llab-quvvatlayman», — deya javob berdi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, do‘kon egalari agar o‘sha berilgan qaror talabi bo‘yicha majburiyatlarini bajargan bo‘lsa, magazinlar joyida qoladi. Shu paytgacha faqat talablarni bajarmaganlari buzilgan.

«Bekatga qo‘yilgan talablarimiz bor edi, deylik, perroni, nogironlar uchun kutish zali, xavfsizlik uchun kamera va hokazo. Bekat sifatida funksional, avtobus to‘xtashi uchun, xullas, hamma hozirgi standart bo‘yicha talablarga javob bersa, e’tirozimiz yo‘q», — deydi Murodov.

Теглар

Мавзуга оид

«Agar bekatlardagi do‘konlarning egalari hamma talablarni bajarsa, ular buzilmaydi» — Furqat Murodov | Vaqt.uz