Alimentdan qarzdorlar moliya-kredit xizmatlaridan foydalana olmaydi

Бугун 10:251 дақиқа

2026 yil 1-maydan O‘zbekistonda aliment qarzdorlariga nisbatan yangi cheklovlar kuchga kiradi va ular ayrim moliya-kredit xizmatlaridan foydalana olmaydi.

Alimentdan qarzdorlar moliya-kredit xizmatlaridan foydalana olmaydi

O‘zbekistonda aliment to‘lovlarini undirish samaradorligini oshirishga qaratilgan yangi choralar joriy etilmoqda. Prezident farmoniga muvofiq, aliment bo‘yicha qarzdorligi mavjud shaxslarga nisbatan qator cheklovlar qo‘llaniladi.

O‘rnatilgan cheklovlar

Yangi tartibga ko‘ra, qarzdorlar qarzdorlikni to‘liq bartaraf etmaguncha yirik moliyaviy bitimlarni amalga oshira olmaydi. Shu bilan birga, ular uchun ayrim moliya-kredit hamda davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyati ham vaqtincha cheklanadi. Bu choralar aliment to‘lov intizomini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Mazkur tartibni amalga oshirish yuzasidan Bosh prokuratura ikki oy muddatda tegishli qaror loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritadi. Unda cheklov qo‘llaniladigan xizmatlar va bitimlar ro‘yxati yanada aniqlashtiriladi.

Ijro uchun qo‘shimcha shtat ajratiladi

Shuningdek, ijro tizimini kuchaytirish maqsadida Majburiy ijro byurosiga qo‘shimcha 400 ta ixtisoslashtirilgan davlat ijrochisi shtat birligi ajratiladi. Ularni moliyalashtirish tijorat banklari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Qo‘shimcha ravishda, muammoli kreditlar bo‘yicha ijro harakatlari aynan ixtisoslashtirilgan davlat ijrochilariga yuklatilishi belgilandi. To‘lovlarni taqsimlash tartibi esa MIB va Markaziy bank tomonidan kelishilgan holda tasdiqlanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilda aliment bilan bog‘liq 70 mingta murojaat kelib tushgan. Biroq to‘lovchilarning rasmiy daromadi yo‘qligi sababli murojaatlarning qariyb 30 foizi hal etilmasdan qolmoqda.

Теглар

Мавзуга оид