Aprelda o‘zbekistonliklar eng ko‘p oziq-ovqat qimmatlashganini sezdi

O‘zbekistonda aprel oyida sezilgan inflatsiya pasaygan bo‘lsa-da, aholi asosan meva-sabzavotlar, go‘sht va sut mahsulotlari narxlari oshganini qayd etdi.

Aprelda o‘zbekistonliklar eng ko‘p oziq-ovqat qimmatlashganini sezdi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

2026 yil aprel oyida aholi tomonidan sezilgan inflatsiya mart oyiga nisbatan o‘zgarishsiz qolib, 11,1 foizni tashkil etdi.Bu haqda Markaziy bankning aholi va tadbirkorlar orasida o‘tkazgan so‘rovnoma natijalarida ma’lumot berilgan.

Hududlar kesimida eng yuqori inflatsiya Qashqadaryo viloyatida qayd etildi — 12,9 foiz. Eng past ko‘rsatkich esa Farg‘ona viloyatida kuzatilib, 9,5 foizni tashkil etdi.

1


Qimmatlashgan va arzonlashgan mahsulotlar

Aprel oyida deyarli barcha asosiy turdagi tovar va xizmatlar narxi qimmatlashgani sezilgan. Xususan, go‘sht va sut mahsulotlari narxining oshganini qayd etganlar ulushi o‘tgan oyga nisbatan sezilarli darajada oshgan.

Shuningdek, mart oyida arzonlashgan meva-sabzavotlar narxi ham aprelga kelib qimmatlashgani qayd etilgan.

Bundan tashqari benzin, yoqilg‘i, elektr energiyasi, tabiiy gaz, dori-darmon va qurilish materiallari qimmatlaganini bildirgan respondentlar ulushi ham ko‘paygan.

2


Aholi guruhlari bo‘yicha farqlar

Sezilgan inflatsiya darajasi turli ijtimoiy guruhlarda farq qilmoqda. Eng yuqori ko‘rsatkich savdo sohasi vakillari orasida — 13,1 foiz, eng past ko‘rsatkich esa davlat tashkiloti xodimlari orasida — 9,9 foiz bo‘lgan.

3


Daromad darajasi yuqori bo‘lgan aholi orasida inflatsiyani sezish darajasi yanada baland bo‘lib, oyiga 30 mln so‘mdan ortiq daromadga ega guruhlarda bu ko‘rsatkich 14,7 foizni tashkil etgan. Biroq bu ko‘rsatkich o‘tgan oyga nisbatan 2 foizga pasaygani kuzatilgan.

4


Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbekistonliklar eng ko‘p kommunal xizmatlar narxi oshishidan xavotirda ekanligi haqida xabar berilgan edi.

Теглар

Мавзуга оид