AQSH banknotlarida Tramp imzosi paydo bo‘ladi
Amerika tarixida ilk marta amaldagi prezident imzosi milliy valutaga tushiladi.

AQSH G‘aznachilik departamenti 2026 yil iyun oyidan boshlab mamlakat banknotlarida prezident Donald Tramp imzosi joylashtirilishini ma’lum qildi. Bu AQSH tarixida amaldagi prezident imzosi milliy valutada ilk bor paydo bo‘lishi bilan ahamiyatlidir, deb yozmoqda Reuters.
Rasmiylarga ko‘ra, Tramp imzosi amaldagi G‘aznachilik kotibi Skott Bessent imzosi bilan birga joylashtiriladi. Ushbu tashabbus Amerika mustaqilligining 250 yilligini nishonlash doirasida amalga oshirilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, dastlab yangi imzolar tushirilgan 100 dollarlik kupyuralar bosib chiqariladi. Keyinchalik esa boshqa nominallar ham bosqichma-bosqich muomalaga kiritiladi. Yangi banknotlarning banklar orqali tarqalishi bir necha hafta vaqt olishi mumkin.
G‘aznachilik departamenti banknotlar dizaynida jiddiy o‘zgarish bo‘lmasligini ta’kidladi. Faqat amaldagi g‘aznachi imzosi o‘rniga prezident imzosi qo‘shiladi. Shu bilan birga, so‘nggi 165 yil ichida ilk bor ayrim banknotlarda g‘aznachi imzosi olib tashlanishi kutilmoqda.
Hozirgi vaqtda esa AQSHda Jo Bayden davridagi G‘aznachilik kotibi Janet Yellen va g‘aznachi Lin Malerba imzolari tushirilgan banknotlar muomalada qolmoqda.





