AQSH, Isroil va Eron urushi: 18-kun voqealari

Бугун 19:215 дақиқа

AQSH va Isroil Eron shaharlari bo‘ylab zarbalar berishda davom etmoqda. Mojaro butun mintaqaga yoyilib, global energetika inqiroziga sabab bo‘ldi.

AQSH, Isroil va Eron urushi: 18-kun voqealari

AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi tobora shiddatli tus olmoqda. Ko‘plab shaharlarga berilgan zarbalar oqibatida tinch aholi vakillari halok bo‘ldi. Jumladan, Arak shahrida yangi tug‘ilgan chaqaloq va uning ikki yoshli opasi hayotdan ko‘z yumdi.

Nizo ko‘lami kengayib bormoqda: Eron qo‘shni davlatlardagi AQSH obyektlariga javob zarbalari yo‘lladi, Isroil esa Livan janubidagi Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi «Hizbulloh» qurolli guruhiga nisbatan bombardimonlarni amalga oshirdi.

Urush tufayli neft narxi keskin ko‘tarilib ketdi, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kema qatnovi izdan chiqdi va mintaqa bo‘ylab millionlab tinch aholi o‘z uyini tark etishga majbur bo‘ldi.

«Amnesty International» xalqaro inson huquqlari tashkiloti o‘tkazgan surishtiruv natijalariga ko‘ra, Eronning Minob shahridagi boshlang‘ich maktabga uyushtirilgan hujum uchun Qo‘shma Shtatlar bevosita mas’ul ekani aniqlandi. Mazkur mudhish fojia kamida 170 nafar insonning hayotiga zomin bo‘ldi, qurbonlarning 160 nafardan ortig‘i esa begunoh o‘quvchi qizlaridir.

Erondagi vaziyat

·         Shaharlarga hujumlar: Tehron markazi, Karaj, Shahriar va Sherozga qilingan hujumlardan so‘ng, poytaxt shimolidagi Sa’dobod saroy majmuasi yaqinida kuchli portlashlar seriyasi qayd etildi.

·         Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) ma’lumotlariga ko‘ra, Arak shahridagi xonadonlardan biriga berilgan AQSH-Isroil zarbasi oqibatida uch kunlik chaqaloq va uning ikki yoshli opasi halok bo‘lgan. «Press TV» telekanali IIMKga tayanib xabar berishicha, hujumda bolalarning onasi va buvisi ham qurbon bo‘lgan.

·         Eronning munosabati: Prezident Mas’ud Pizishkiyon Tehronning o‘z-o‘zini himoya qilish huquqiga ega ekanini qat’iy ta’kidladi. U Eron urushni boshlamaganini va «zo‘ravonlarga» taslim bo‘lmasligini bildirdi.

·         Maktabga hujum: «Amnesty International» tashkilotining surishtiruvi AQSHning Erondagi boshlang‘ich maktabga bergan zarbasi oqibatida kamida 170 kishi halok bo‘lganini tasdiqladi. Qurbonlarning aksariyati o‘quvchi qizlaridir.

·         Talafotlar ko‘lami: 28-fevraldan buyon AQSH va Isroilning Eronga hujumlari oqibatida kamida 1 444 kishi halok bo‘ldi, 18 551 kishi jarohatlandi.

Fors ko‘rfazi

·         BAA neft konlari: Fujayra hukumati dron hujumidan so‘ng neft sanoati zonasida yong‘in chiqqanini ma’lum qildi. Abu-Dabi media-idorasi xabariga ko‘ra, Bani-Yas hududida havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan tutib qolingan raketa bo‘laklari qulashi oqibatida bir kishi halok bo‘lgan. Qurbon Pokiston fuqarosi ekani aytilmoqda. Shuningdek, BAA o‘z havo hududini vaqtincha yopganini e’lon qildi.

·         Qatar: Mudofaa vazirligi raketa tutib qolinganini, uning qoldiqlari sanoat zonasida kichik yong‘inga sabab bo‘lganini bildirdi. Avvalroq vazirlik Erondan uchirilgan 14 ta ballistik raketadan 13 tasi yo‘q qilinganini xabar qilgan edi.

·         Quvayt: Milliy gvardiya vakili xavfsizlikni kuchaytirish doirasida dron urib tushirilganini ma’lum qildi. Ichki ishlar vazirligi esa mamlakat hududida qo‘poruvchilik harakatlarini rejalashtirganlikda gumonlanib, «Hizbulloh»ga aloqador 14 nafar Quvayt va 2 nafar Livan fuqarosini hibsga oldi.

·         Bahrayn va Saudiya Arabistoni: Bahrayn urush boshlanganidan beri 129 ta raketa va 221 ta dron zararsizlantirilganini ma’lum qildi. Saudiya Arabistoni Mudofaa vazirligi esa qirollikning sharqiy mintaqasida 12 ta dron tutib qolinganini xabar qildi.

Isroildagi vaziyat

·         Navro‘z tabrigi: Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu eronliklarni yaqinlashib kelayotgan Navro‘z bayrami bilan tabrikladi.

·         Nahariyaga hujum: 16-mart kuni «Hizbulloh» Isroil shimolidagi Nahariya shahriga hujum uyushtirganini ma’lum qildi. Isroil qutqaruv xizmatlari hujum natijasida bir kishi jarohatlanganini xabar qilmoqda.

·         Quddusdagi vaziyat: Isroil politsiyasi Quddusning Eski shahar qismidagi muqaddas qadamjolarda, jumladan Al-Aqso masjidi va Muqaddas qabr cherkovi yaqinida raketa hamda mudofaa tizimi parchalarini topdi.

·         Qochoqlar masalasi: Isroil Mudofaa vaziri Israel Kats 16-mart kuni Isroil shimoli to‘liq xavfsiz bo‘lmaguncha, uy-joyini tark etgan livanliklarga ortga qaytishga ruxsat berilmasligini aytdi. Isroil Livanga hujum boshlaganidan beri bir milliondan ortiq livanlik qochoqqa aylangan. Ushbu bayonot Isroil harbiylari Livanda «cheklangan quruqlikdagi operatsiyalar» boshlanganini e’lon qilganidan so‘ng yangradi.

AQSHdagi vaziyat

·         Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bo‘yicha bosim: AQSH prezidenti Donald Tramp Eron tomonidan yopib qo‘yilgan va jahon bozorida neft narxining keskin ko‘tarilishiga sabab bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kemalar qatnovi xavfsizligini ta’minlash uchun Buyuk Britaniya va Fransiyaga bosimni kuchaytirdi.

·         Yevropaning rad javobi: Germaniya AQSH-Isroil urushiga qo‘shilish niyati yo‘qligini ma’lum qildi. Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha rahbari esa Yevropa davlatlarida mintaqaga qo‘shin yuborish istagi yo‘qligini ta’kidladi.

·         Trampning keskin bayonotlari: Tramp Eronni «qog‘ozdagi yo‘lbars» deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron Ho‘rmuz bo‘g‘oziga kirishni faqat «AQSH dushmanlari uchun» yopib qo‘ygan.

·         Jey Di Vensning qo‘llovi: Vitse-prezident Jey Di Vens Trampning harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. «Bizda avvalgi nodon prezidentlardan farqli o‘laroq, aqlli prezident bor va men prezident Tramp Amerika xalqi uchun bu ishni muvaffaqiyatli yakunlashiga ishonaman», dedi Vens.

·         Xitoyga safarning qoldirilishi: Tramp Xitoyga rejalashtirilgan tashrifini bir oyga kechiktirishini e’lon qildi. Mart oyi oxiriga mo‘ljallangan safar urush sababli qoldirildi. «Bizda urush ketyapti, men shu yerda bo‘lishim kerak», deya tushuntirish berdi AQSH prezidenti.

 

Global iqtisodiy ta’sir

 

·          Moliya va energetika bozorlari: Davom etayotgan urush global moliya va energiya bozorlarini izdan chiqardi. AQSH va Isroilning qo‘shma hujumlari boshlanganidan beri xom neft narxi taxminan 50 foizga oshdi. Yaqinda «Brent» markali neft narxi barreliga 106 dollarga yetdi.

·         Yaponiya neft zaxiralarini chiqarishni boshlamoqda: Xalqaro energetika agentligining strategik zaxiralardan foydalanish avval Osiyo va Okeaniyada boshlanishini ma’lum qilganidan so‘ng, Yaponiya o‘z strategik neft zaxiralarini bozorga chiqarishni boshlaganini e’lon qildi.

Теглар

Мавзуга оид