Logo

Aziz Hakimov 4 yil 2 oyga ozodlikdan mahrum qilindi

Бугун 19:302 дақиқа

Hakimov tuhmat, haqorat, milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Sud hukmiga ko‘ra, Raqamli texnologiyalar vazirligiga bloger yuritgan Telegram kanalni bloklash majburiyati yuklatildi.

Aziz Hakimov 4 yil 2 oyga ozodlikdan mahrum qilindi © Фото: Telegram / Comrade_Aziz

11-avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining yopiq majlisida bloger Aziz Hakimovga doir jinoyat ishi bo‘yicha hukm o‘qildi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari ma’lum qildi.

Sud Hakimovning harakatlarida Jinoyat kodeksining 150-moddasida nazarda tutilgan urushni targ‘ib qilish jinoyati tarkibi mavjud emas, degan xulosaga keldi. Shu sababli u Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandi asosida ushbu ayblov bo‘yicha oqlandi.

Biroq sud blogerni Jinoyat kodeksining 139-moddasi 2-qismidagi tuhmat, 140-moddasi 2-qismidagi haqorat hamda 156-moddasi 2-qismidagi milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topdi.

Sud hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 59 va 61-moddalari asosida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish orqali Hakimovga yakuniy 4 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi.

Shuningdek, sud hukmi bilan Raqamli texnologiyalar vazirligiga Hakimov yuritgan Telegram messenjeridagi «Comrade_Aziz» kanalini bloklash majburiyati yuklatildi.

Bundan tashqari, ishdagi 6 nafar jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirish bo‘yicha fuqarolik ishlari sudiga murojaat qilish huquqi berildi.

Sudlanuvchiga hukm ustidan yuqori sud instansiyasiga shikoyat berish muddati va tartibi ham tushuntirildi.

Ma’lumot uchun, Aziz Hakimov ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari, jumladan, SSSRni targ‘ib qilib, uni qayta tiklash zarurligi haqidagi fikrlari bilan tanilgan.

Shuningdek, uning 1930 yillardagi siyosiy qatag‘on qurbonlari hamda 1920 yillardagi milliy-ozodlik kurashi ishtirokchilari xotirasini qoralagan chiqishlari ijtimoiy tarmoqlarda bahs va noroziliklarga sabab bo‘lgan.

Теглар

Мавзуга оид

Aziz Hakimov 4 yil 2 oyga ozodlikdan mahrum qilindi | Vaqt.uz