Banklarda mikroqarzlar foizi rekord darajada pasaydi
Mikroqarzlar bo‘yicha o‘rtacha stavka 29,3 foizga tushdi. Bu ko‘rsatkich Markaziy bank mikroqarz va avtokreditlarning o‘rtacha foiz stavkalarini e’lon qilishni boshlaganidan beri kuzatilgan eng past daraja bo‘ldi.

Markaziy bank 2026 yil 23-fevral holatiga ko‘ra, tijorat banklari tomonidan aholiga ajratilgan mikroqarz va avtokreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkalarini e’lon qildi.
Yangi haftada mikrokreditlar bo‘yicha o‘rtacha stavka 29,3 foizni, avtokreditlar bo‘yicha esa 22,9 foizni tashkil etdi. Markaziy bank 2025 yil 1-iyuldan boshlab mikrokreditlar va avtokreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkalari e’lon qilmoqda. Yangi haftadagi ko‘rsatkich o‘rtacha foiz stavkalarini e’lon qilish boshlangandan beri kuzatilgan eng past daraja bo‘ldi.
Bir hafta oldin mos ravishda 30,0 foiz va 23,0 foiz stavkalar qayd etilgan edi.
Mikrokreditlar

Mikrokreditlar segmentida eng past stavka 22,7 foiz bilan «Aloqabank» tomonidan taklif qilinmoqda. Undan keyin «Infinbank» 24,0 foiz va «Trastbank» 24,9 foiz bilan nisbatan qulay shartlarni taqdim etmoqda. O‘tgan haftada esa eng past stavka 24,0 foiz bilan «Infinbank»da kuzatilgan, o‘rtacha bozor ko‘rsatkichi 30,0 foizni tashkil etgan edi.
O‘rta segmentda «BRB» 25,1 foiz, «Milliy bank» 25,3 foiz va «OFB» 25,8 foiz atrofida mikrokredit ajratmoqda. Eng yuqori stavkalar «Anorbank»da 41,9 foiz, «Tenge bank»da 42,6 foiz va «AVO bank»da 39,9 foiz darajasida shakllangan.
Avtokreditlar

Avtokreditlar bozorida eng past stavka 17,2 foiz bilan «Ipoteka bank» tomonidan taklif etilmoqda. Shuningdek, «Apex bank» 18,7 foiz va «Garant bank» 19,8 foiz stavka bilan kredit ajratmoqda. O‘tgan haftada eng maqbul taklif 17,0 foiz atrofida bo‘lib, o‘rtacha bozor ko‘rsatkichi 23,0 foizni tashkil etgan.
Yuqori segmentda avtokredit stavkalari «Madad Invest bank»da 28,3 foiz, «Trastbank»da 26,6 foiz va «Mikrokreditbank»da 26,4 foiz darajasida shakllangan. Bu esa bozorda raqobat kuchayib, stavkalar bosqichma-bosqich pasayib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Теглар






